Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Taekvondo WT: O‘zbekiston jamoalari Koreyada muvaffaqiyatga erishmoqda
12:42 / 2025-07-13

Koreya Respublikasida davom etayotgan "Muju Taekwondowon 2025 World Taekwondo Diamond Games" xalqaro turnirining ortda qolgan ikkinchi kunida o‘tkazilgan aralash juftlik bahslarida jamoalarimiz muvaffaqiyatga erishdi.

Ozodbek Mamadaliyev, Yodgor Jo‘raboyev, Sevinch Hayitova, Ozoda Sobirjonovadan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi dastlab Singapurni, chorak finalda esa birinchi raqam ostida saralangan Koreya Respublikasini mag‘lub etdi. Shiddatli kechgan yarim final bahsida esa qo‘shni Qozog‘iston taekvondochilariga yo‘l berib, bronza medallari uchun kechgan janglarda hamyurtlarimiz Marokash vakillarini mag‘lub etdi va shohsupaning 3-pog‘onasidan joy egalladi.

Diyorbek To‘xliboyev, Shuhrat Salayev, Shabbona Abduvaliyeva, Svetlana Osipovadan iborat O‘zbekiston-2 jamoasi ilk bosqichda Indoneziya, so‘ngra Mo‘g‘uliston terma jamoasini tomoshabinlar qatoriga kuzatib qo‘ydi. Final bellashuvida esa O‘zbekiston-1 jamoasini mag‘lub etgan Qozog‘iston termasini kumush medal bilan kifoyalantirdi.

"WT Diamond Games" turnirining aralash jamoalar o‘rtasidagi natijalar hamda bir kun muqaddam o‘tgan bahslar holatida mamlakatimiz taekvondochilari 2 ta oltin, 1 ta bronza medali bilan ishtirokchi davlatlar orasida ijobiy ko‘rsatkichni qayd etib turibdi.

Bugun, 13 iyul kuni xalqaro turnirning so‘nggi kunida yakkalik bahslari tashkil etilib, unda O‘zbekiston terma jamoasining 16 nafar a’zosi o‘z yo‘nalish va vaznlarida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA