Belgiyaning Lommel shahrida taekvondo WT bo‘yicha poyoniga yetgan "Belgian Open" xalqaro musobaqasida mamlakatimiz sportchilari 3 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoada 1-o‘rinni egalladi.

Dunyoning eng kuchli taekvondochilari qatnashgan bahslarda hamyurtlarimizdan Ulug‘bek Rashitov, Shuhrat Salayev va Niyoz Po‘latov barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Feruza Sodiqova kumush, Madinabonu Mannopova hamda Nikita Rafalovich bronza medallariga musharraf bo‘ldi.
Medallar jamg‘arishda O‘zbekiston terma jamoasidan keyingi o‘rinlarni 2 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan Xitoy terma jamoasi hamda 2 ta oltin, 1ta kumush, 3 ta bronza medaliga ega chiqqan Xorvatiya vakillari band etishdi. Shuningdek, kuchli beshlikdan Qozog‘iston va Ispaniya jamoalari ham joy olishdi.

Pekin olimpiadasi va yozgi Osiyo o‘yinlari oldidan taekvondochilar uchun muhim tayyorgarlik vazifasini o‘tagan mazkur turnirda hamyurtlarimiz 8 nafar sportchi bilan ishtirok etib, ularning 6 nafari sovrindorlar safidan joy olishi ham natijalarning sermahsul bo‘lganidan dalolat.
T.Ro‘ziyev, O‘zA