Bu haqda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasida 2022 yilgi Osiyo o‘yinlari va 2024 yilgi Parij olimpipadasiga tayyorgarlik bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda aytildi.
MOQ rahbariyati, Turizm va sport vazirligi mutasaddilari va taekvondo bo‘yicha murabbiy va mutaxassislar ishtirok etgan muhokama jarayonida MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov O‘zbekiston taekvondochilarini "Xanchjou-2022" va "Parij-2024" o‘yinlariga olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashitovning murabbiyi Pavel Xan tayyorlashi bo‘yicha qaror qabul qilinganligini e’lon qildi.
Yig‘ilish davomida mamlakatimiz taekvondochilarining kelgusidagi nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik strategiyasi xususida so‘z bordi.
Murabbiylarning fikricha, ichki chempionatlardan so‘ng terma jamoa tarkibi to‘liq shakllantirib olinadi. Shuningdek, kelgusida mamlakatimizda taekvondo bilan shug‘ullanuvchilar sonini 25 ming nafardan oshirish bo‘yicha mulohazalar bildirildi, deyiladi olympic.uz sayti xabarida.
Ta’kidlanganidek, taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib Pavel Xan tayinlangan bo‘lsa, tajribali murabbiy Aleksandr Kim maslahatchi murabbiy sifatida faoliyat ko‘rsatadi. O‘zbekiston ayollar terma jamoasiga esa janubiy koreyalik mutaxassis jalb etilishi rejalashtirilayotganligi bildirildi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA