Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadqiqotchilar: Chekish natijasida erta qarish boshlanadi
14:13 / 2023-10-08

Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, noto‘g‘ri ovqatlanish, uyqusizlik, salbiy odatlar va irsiyat erta qarish omillari hisoblanadi.

AQSH, Ispaniya va Norvegiya olimlari fuqarolarning qarish tezligini qiyosiy o‘rganib chiqdi. Ular insult, ishemiya, turli onkologik va yurak-qon tomir kasalliklari, parkinson va alsgeymer, katarakta va glaukoma, yoshga bog‘liq eshitish qobiliyatini yo‘qotish kabi qarilik alomati sifatida kelib chiqadigan 92 kasallikdan qaysilari o‘rta yoshdagi odamlarda paydo bo‘lishini aniqladi. Tadqiqot dunyo bo‘yicha o‘rtacha “qarilik” 65 yoshni tashkil etishini, biroq ba’zi mamlakatlar aholisi qarilik kasalliklaridan ancha oldin aziyat cheka boshlashini ko‘rsatdi.  

Xususan, ushbu reytingning eng oxiridan Papua-Yangi Gvineya o‘rin olgan. Bu yerda keksalik 45 yoshga to‘g‘ri keladi. Afg‘onistonda qarilik 51, Vanuatuda esa 52 yoshdan boshlanadi. Tadqiqotga ko‘ra, Shveysariya, Fransiya, Yaponiya, va Singapur aholisida barcha qarilik kasalliklari kechroq – 76 yoshda paydo bo‘ladi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, uyqusizlik o‘rta yoshdagi odamlarning erta qarishining asosiy sababi sifatida tan olingan. Bu yoshlik gormoni deb ham ataladigan somatotrop sintezining buzilishiga olib keladi.  

Shuningdek, to‘yib ovqatlanmaslik, ratsionda uglevodlar, ya’ni shakarning ko‘pligi erta qarishga olib kelishi qayd etilgan.  

Keyingi omil salbiy odatlar bilan bog‘liq. Jumladan, chekish kollagenning sintezini buzadi va teri tuzilishidagi salbiy o‘zgarishlarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Dermatovenerologlarning fikriga ko‘ra, bu borada spirtli ichimliklarni me’yordan ziyod iste’mol qilish ham zararlidir.

Shu o‘rinda olimlar ajoyib xushxabarni ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, so‘nggi 27 yilda dunyoda odamlar yoshga bog‘liq kasalliklardan kamroq aziyat chekmoqda va ular bilan bog‘liq bo‘lgan o‘lim darajasi ham kamaygan.

Sababi, olimlar qarishni sekinlashtiruvchi vositalarni aniqladi va organizmni yosh holatda saqlash uchun qanday mahsulotlarni ratsionga kiritish lozimligini e’lon qildi. Ular birinchi navbatda yangi karam iste’mol qilishni tavsiya qildi. “Karamning barcha turida flavonoidlar va sulforafan moddasi mavjud. Ular qarish jarayonini sekinlashtiradi. Yallig‘lanish jarayonini kamaytiradi hamda onkologik kasalliklar rivojlanishidan himoya qiladi.

Bu borada olma va petrushka mahsulotlari ham qolishmaydi. Olma qonda mikrotsirkulyatsiyani va moddalar almashinuvini yaxshilaydigan kvarsetin – tabiiy biokimyoviy moddaga boy. Petrushka foliy kislotasiga ega. U hujayralarning yangilanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa qarish jarayonlarini sekinlashtirishda muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, organizmda Ye vitamini tanqisligi bo‘lmasligi uchun shifokorlar ko‘proq bodom, bolgar qalampiri, losos balig‘i, avokado va undirilgan bug‘doy kurtaklari moyini iste’mol qilishni maslahat bermoqda.

Qovoq, bodring,sarimsoq va piyoz ham erta qarishning oldini oluvchi mahsulotlar hisoblanadi.  

 

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA