Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadqiqotchilar: bola miyasi ekran oldida o‘tkazilgan vaqtda to‘laqonli rivojlanmaydi
12:20 / 2023-04-03

Axborot asrida jamiyat hayotini internet, noutbuk, smartfonlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Zamonaviy dunyoda «o‘rgimchak to‘ri» – internetda o‘tkaziladigan vaqtni majburan cheklash yoki undan foydalanishdan butunlay voz kechish deyarli imkonsiz. Ammo gadjetlardan oqilona foydalanish, ularni ishlatish odobiga rioya qilish muhim. Zero, ulardan tartibsiz foydalanish natijasida «Virtual autizm» kasallikgi kelib chiqadi.

Autizm – bu miya disfunksiyasi bilan bog‘liq rivojlanishning buzilishi, xulq-atvor va faoliyatning cheklangan patternlari. Virtual (raqamli) autizm multimedia, planshetlar va smartfonlar ta’sirida rivojlandi.  

Smartfon, internetga haddan tashqari qaramlik, ijtimoiy tarmoqlarni doimiy tekshirishga zarurat sezish, ijtimoiy munosabatlarga kirisha olmaslik, ko‘z orqali kontaktning yo‘qligi, nutqiy rivojlanishdan orqada qolish, kommunikativ ko‘nikmalarning pasayishi, tanqidiy fikrlashning buzilishi hamda yolg‘izlik hissi virtual autizmning belgilaridir.  

Ma’lumki, inson organizmi tashqi muhitdan turli qo‘zg‘alishlarni qabul qilib (ta’m bilish, ushlab ko‘rish, hid bilish tuyg‘usi va h.), bu haqdagi ma’lumotni markaziy nerv tizimiga uzatadi hamda atrof-muhitga moslashishiga imkon beradi. Tadqiqotchilarning fikricha, bolalar miyasi ekran oldida o‘tkazilgan vaqtda to‘laqonli rivojlanmaydi, bolada yoshiga mos bo‘lgan ijtimoiy ko‘nikmalar shakllanmaydi. Natijada neyronlarning ma’lum qismi miyaning muntazam faoliyatida ishtirok etishni to‘xtatadi. Ekrandagi shovqin negativ hissiyotlarni chaqirishi, u esa o‘z navbatida bolada deviant-agressiv xulqni namoyon qilishi mumkin. Ekspertlar tomonidan 1-2 yoshli bolalarga multimedia texnologiyalariga yaqinlashish imkoniyatini to‘liq cheklash, 3-6 yoshli bolalarga kuniga 1 soatdan ortiq izn bermaslik, 6-13 yoshdagilarga 1-2 soatgacha ruxsat berish tavsiya qilinadi.  

Bolalarning ko‘proq ko‘chada, tabiat qo‘ynida muloqotda bo‘lishiga e’tibor berish zarur. Raqamli hayotga sarflangan vaqtni kuzatib borish, har kuni ilovalardan foydalanish uchun cheklov o‘rnatish kerak.  

Shuningdek, oilada multimediadan voz kechish soati qoidasini kiritib, bu vaqtni oilaviy suhbatlashish yoki kitob o‘qish bilan o‘tkazish samaralidir. Yaqinlaringiz bilan hamdard bo‘ling. Ularning muammolarini tushunishga harakat qiling, quvonch va tajribalarini baham ko‘ring. O‘z ustida ishlash va o‘z-o‘zini nazorat qilish tufayli yanada shaxsiy va kasbiy kamolotga erishish mumkin. Bu kamolot ufqlarini kengaytirishga yordam beradi.  

Mohira Xoliqova,  

Toshkent shahar Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish  milliy markazi direktori,  

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent 

O‘zA