French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadqiqot va tijorat
15:49 / 2024-09-17

Ilmiy tadqiqot — insoniyatning dunyo haqidagi bilimlarini chuqurlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha doimiy izlanishlari va harakatlarining mahsulidir. Ilmiy tadqiqotlar turli sohalarda, masalan, tabiatshunoslik, ijtimoiy fanlar, texnologiya va gumanitar fanlarda amalga oshiriladi.

Har bitta tadqiqotning asosiy maqsadi negizida dunyo haqidagi bilimlarni kengaytirish orqali muammolarni hal qilish bilan bir qatorda, jamiyat rivojiga hissa qo‘shishdek asosiy g‘oya o‘z aksini topmog‘i kerak. Chunki, bu maqsad mamlakat rivoji uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishlikka xizmat qilishi mumkin bo‘lgan muhim qadamlardan biri bo‘lishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil PQ-3365-son qarorlariga asosan «2017-2021 yillarda tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha» bergan ko‘rsatmalari ilm yo‘lida bo‘lgan har bir tadqiqotchiga keng imkoniyatlarning yaratilishiga zamin bo‘ldi. Unga ko‘ra tadqiqotlarni modernizatsiyalash («modern»-zamonaviy, «izatsiya»- jarayon) orqali jamiyat, iqtisodiyot, siyosat, texnologiya va ijtimoiy hayotning turli sohalarini rivojlantirish bilan bir qatorda, jahon tajribasini ham qo‘llay olish ko‘nikmalarini yaratadi.Shuningdek, ilmiy tadqiqot ishini modernizatsiyalash ilm ahliga quyidagi imkoniyatlarni taqdim etdi:

-katta ma’lumotlarni tahlil qila oluvchi dasturlarni qo‘llash;

- sun’iy intellekt;

-ma’lumotlarni tushunarli va aniq tarzda ko‘rsatish uchun grafikalar, jadvallar va boshqa vizualizatsiya usullaridan foydalanish;

-interaktiv taqdimotlar yaratish;

-ochiq ilmiy nashrlarni qo‘llash hamda ijtimoiy media platformalaridan unumli foydalanish orqali tadqiqotni jamiyatga tezroq, aniqroq va arzonroq yetkazilishiga sabab bo‘lmoqda.

Mana shunday imkoniyatlardan unumli foydalangan holda ilmiy tadqiqotimizda yuqoridagi imkoniyatlarni singdirishga harakat qildik. Maqsadimiz -tadqiqot ishimiz tor doirani qamrab olmasligi, ya’ni undan faqat mutaxassislargina emas, jamiyatimizning barcha a’zolari foydalansin. Tadqiqotimiz ob’ekti bo‘lgan Abu Ali Ibn Sino, Fariduddin Attor hamda Hazrat Alisher Navoiyning «Qush tili» turkumiga oid asarlarini tahlilga tortish jarayonida bu noyob xazinalarni xalqimiz kutubxonasiga zamonaviy talqin va tabdilda, shuningdek farzandlarimizga axloqiy tarbiya hamda yuksak ma’naviyatni singdirishga xizmat qiluvchi rasmlar bilan boyitilgan ertak kitob shakliga keltirish g‘oyasi tug‘ildi. Xalq og‘zaki ijodi, ulamolarimizning hayotiy tajribalarini qamrab olgan hikoyalar asosida jamlangan ushbu turkumdagi asarlarni maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarga illustratsiyalangan rasmlar orqali kitob shaklida tayyorlash bilan birga, hikoyalarni ingliz-xitoy, ingliz-rus hamda ingliz-o‘zbek tillarida ovozli tarjimasi bilan birga taqdim etdik. Ya’ni kitobning 1-sahifasi ingliz tilida, 2-sahifasi ham xuddi shu shaklda, ammo boshqa tilda yoritiladi. Bu orqali bolalarga til o‘rganish imkoniyatlarini yaratish asosiy maqsad. Zotan, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy ma’naviy ustozlari shayx Fariduddin Attorning fors tilidagi «Mantiq ut-tayr» asarlarini 3 yoshlik chog‘laridayoq yuksak mehr va shavq bilan yod olganlar.

Tan olishimiz kerakki, bugungi texnologiyalar rivojlangan davrda ulg‘ayayotgan bolalarning asosiy e’tiborini rangli hamda gadjetli texnikalar bilan jalb qilish oson bo‘lib qoldi. Xuddi shu shakldan unumli foydalangan holda tadqiqotimizga yosh bolalarning intellektual ongini rivojlantirishning yangi va zamonaviy texnologiyalarini qamrab oldik.

Yurtboshimiz ta’birlari bilan aytganda : «Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlarning mustahkam rivojlanishiga rahna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yetishga intilishiga e’tibor qaratish har qachongidan ham muhimdir. Aynan ta’lim va ma’rifat bashariyat farovonligining asosiy omillaridan hisoblanadi, insonlarni ezgulikka da’vat etadi, saxovatli, sabr-qanoatli bo‘lishga undaydi.» Darhaqiqat, jamiyatimizda o‘sib kelayotgan har bir yosh avlod qanday axborot manbayidan foydalanayotganligiga ahamiyat qaratish faqat ota-onaning oldidagi ustuvor vazifa bo‘lishi bilan birgalikda, ilm yo‘lida izlanayotgan har bir tadqiqotchi uchun ham dolzarb bo‘lmog‘i lozim. Sababi, biz yaratayotgan izlanishlar mahsuli qaysidir qatlamda yangilikdir, ammo uning amaliy tomoni ko‘rilmasa, mehnatlarimiz samarasini puchga chiqaradi.

Ilmiy anjumanlardan birida tadqiqotimiz doirasida o‘rganilayotgan Ibn Sinoning «Risot ut-tayr» asari ko‘pchilikka notanishligi diqqatimni oshirdi. Allaqachon tabdili yaratilgan bu asardan xalqimizning barcha qatlamlarini xabardor qilish muhim vazifam, deb hisobladim. Bugun aholining ko‘pchiligi Abu Ali Ibn Sinoni tibbiyot ilmining ulamosi sifatida taniydi, ammo yuqorida nomi zikr etilgan asar bu zotni faylasuf sifatida kashf etadi.

Farzandlarimiz german, ingliz, rus ijodkorlarining mashhur ertak va masallarini eshitib, o‘rgana olayotgan, o‘sha xalq ma’naviyati ruhida ulg‘ayayotgan ekan, nahotki biz ota-bobolarimizdan qolgan asil xazina-asarlarni ularning yosh psixologiyasiga mos holda modernizatsiyalashtirib, taqdim eta olmasak!? Afsuski, juda ko‘plab tadqiqotchilar bu masalada sarflanishi kerak bo‘lgan mablag‘ tufayli chekinishadi.

Biz tadqiqotimizni ommalashtirishda foydalanayotgan zamonaviy server orqali tadqiqot doirasida yaratilgan kitobni dunyo marketpleylari bo‘ylab sotish imkonini beradi.

Bilishimiz lozimki, bugungi kunda doktorlik dissertatsiyalarini xalqaro bozorda tijoratlashtirish orqali taqdiqotchilarimiz o‘zlari uchun yangi daromad manbayini yaratish bilan birga, ilmiy jahon maydonida an’anaviy nashr modelidan tashqari, bilim tarqatish va daromad keltirishning yangi va innovatsion imkoniyatlariga ega bo‘lishadi. Bunda tadqiqotchi, avvalo, maqsadli auditoriyani aniqlashi lozim, ya’ni sizning tadqiqotingizdan kim foyda olishi mumkin-professionallar, pedagoglar, ota-onalar yoki jamoatchilik. Shundan so‘ng dissertatsiyani keng auditoriya uchun mos formatda tayyorlab, murakkab elementlarini soddalashtirib, vizual elementlarni qo‘shish va hikoyalar yaratish mumkin.

Keyingi jarayonda Amazon, Barnes&Noble online kitob do‘konlari kabi mashhur elektron tijorat platformalarga joylashtiriladi hamda mualliflik brendi yaratiladi.Bu orqali mamlakatimiz tadqiqotchilarining ilmiy salohiyati dunyo platformalarida tanilishi bilan bir qatorda, izlanuvchilarni o‘z shaxsiy tadbirkorligini olib borishligiga ham imkoniyat beradi.

Shahlo Halimova,

Alisher Navoiy nomidagi

o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktaranti