Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadqiqot, qonunchilik va insoniylik
15:12 / 2026-02-23

Ijtimoiy tadqiqotlar dastavval muammoning manzarasini chizib beradi, ya’ni statistika va hisob-kitoblar muammoning ko‘lamini aniqlaydi. Tizimli olib borilgan kuzatuvlar muammoning o‘sib yoki kamayib borishi haqida xulosa taqdim qiladi. Jamiyatshunos olim muammoning sabablarini tadqiq etadi, uning xatari va oqibatlarini tahlildan o‘tkazib, kutilayotgan ehtimoliy holatlar haqida taxmin beradi. Ya’ni falon muammoning ko‘lami aholi orasida falon foizni tashkil etayotir, oxirgi besh yillik statistikaga ko‘ra, muammo kengayib boryapti,  muammoning o‘sish tezligi falon foizni tashkil qilmoqda, muammoning kengayishi iqtisodiy, moliyaviy yoki ta’lim, yoki sog‘liqni saqlash, yoki ma’naviy tarbiya ishlaridagi oqsoqliklar bilan proporsional kabi natijalar bayon etiladi. Har bir xulosa va ko‘rsatkich izchil va aniq tadqiqotlar ustida namoyon bo‘ladi.

Har qanday muammo jamiyatning yarasidir. Yarani malham bilan davolash ham mumkin yoki uni kesib ham tuzatsa bo‘ladi. Dori-darmon bilan davolash bu yaraning, xastalikning ilk bosqichidagi ish hisoblanib, agar kasallik kuchaysa, endi keskinroq choralar ko‘rishga majbur qolinadi. Xitoylik sarkarda Sun Zi: “Eng yaxshi urush – bo‘lmagan urushdir”, “Eng yaxshi g‘alaba – urushsiz erishilgan g‘alabadir” degandek, kasallikning oldini olish va uning ilk alomatlari ko‘ringanda davolashdan ko‘ra yaxshi ish yo‘q.

Jamiyatda turli yaralar paydo bo‘lmay, oldini olish barqarorlik kafolati. Buning uchun jamiyat doimiy ijtimoiy tadqiqotlar asosida kuzatilishi, o‘rganilishi kerak. Agar ijtimoiy tadqiqotlar tizimli va ilmiy asos bilan shakllantirilmasa, kundan-kun yuzaga kelayotgan muammolar hammani boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yadi.

Har qanday moddiy muammo, u poraxo‘rlik, jinsiy tajovuz, o‘g‘irlik, konfliktlarning ko‘payishi, ommaviy stress va hokazo – bularning hammasi ma’naviy yetishmovchilikdan boshlanadi. Ma’naviy yetishmovchilik – axloqiy me’yorlarga amal qilinmaslik, ya’ni qanoat, hayo, kamtarlik, shoshilmaslik, vazminlik va shu kabi fazilatlarning insonlarda yetishmasligi ulkan-ulkan muammolarga zamin hozirlaydi. 

Ijtimoiy muammo jamiyatda ruhiy beqarorlik paydo qiladi, munosabatlardagi muvozanatga putur yetkazadi. Agar o‘z vaqtida chora ko‘rilmasa, shubhasiz, uning oqibatida katta-katta inqiroz va tanazzullar yuz beradi.

Jamiyatni mana shunday halokatlardan saqlash uchun davlat institutlari ish olib boradi, xususan, qonunchilik hokimiyati bu masalada asosiy vazifani bajaradi. Qonunlar jamiyatda mavjud barcha turdagi munosabatlarni tartiblab, qonunbuzarliklar, haqsizlarga qarshi choralar ko‘rish bilan shug‘ullanar ekan, albatta, bu faoliyat zamirida ma’naviy jihatlar e’tiborga olinishi kerak. Shuningdek, qonunlarni qabul qilish va bekor qilish oddiy hodisa emas, demak, har bir yangi qonun yoki o‘zgartirishga bo‘lgan ehtiyoj ilmiy asoslanishi shart. Qonunlar garchi quyi palataning taklifi hamda yuqori palataning tasdig‘i bilan amaliyotga yaqinlashsa ham, to qonun shakliga kirguncha unga bo‘lgan ehtiyojning ilmiy asosi mavjud bo‘lishi kerak.

Shubhasiz, jamiyatda muayyan ko‘rsatkichga ega bo‘lgan jinoyatlar, masalan, qotillik, o‘g‘irlik, talonchilik, firibgarlik va hokazo, bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy xavfi katta bo‘lgan jinoyatlarga qarshi qonuniy jazolar kodekslarda aks etadi, ammo masalaning biz aytmoqchi bo‘lgan jihati shuki, mazkur muammolarning jamiyatda ko‘payib yoki kamayayotgani haqida aniq ma’lumot zarur. Bu jazolarning miqdorini belgilashda ahamiyatli. Ya’ni muammo ko‘lami haddan tashqari kengayib ketgan bo‘lsa, jazolarning qattiqroq bo‘lishi tabiiy, ammo muammo hali keng quloch otib ulgurmagan bo‘lsa, unga ma’naviy uslubda barham berish choralari birlamchi vazifa hisoblanishi kerak.

Qonunlar insoniylikni himoya qilishi kerak. Insoniylik yo‘qolsa, hamma narsa yo‘qoladi. Insoniylik bu mehr-muhabbat, qalbning yumshoqligi, zulm bilan murosasizlik, haqsizlik qarshisida qat’iy shaklda qonun asosida kurashmoq, zaif va bechoralarni tushunishdir. Shuningdek, har bir chora vaziyatga mos bo‘lishiga erishish kerak. Ya’ni berilayotgan dori kasallikni davolashi kerak, uni o‘ldirib qo‘ymasin.

Hazrat Sohibqiron Amir Temur muammolarni o‘n qismga bo‘lib, to‘qqiz qismini mashvarat bilan hal qilishni ma’qul ko‘rar edi. Atigi bir qismida kuch ishlatar edi. Qalbning uyg‘oqligi va aqlning teranligi bilan murakkab vaziyatlarga tushmaslik, balki og‘ir holatlardan chiqib ketish mumkin. Bu esa yana ikki ishni – ma’naviy yetuklik va ilmiy asosdagi ijtimoiy kuzatuvlarni taqozo qiladi.

Bizning sharoitimizda hamma tomondan yaqqol ko‘rinayotgan muammolar quyidagilardir:

Oilalar mustahkamligi. Ya’ni oilalarning ajrashishlari ko‘paygani jiddiy muammo. Bu o‘rinda eng avvalo, yoshlarga oilaning qadrini anglatish va ajrashish masalasining murakkab bosqichlarini joriy qilish lozim. Ayol huquqi yoki gender tengligi degan istilohlar ostida turli keskin qonuniy choralar kutilgan natijani bermaydi. Ayolga zulm eng avval, ma’naviy qoloqlikdan kelib chiqadi. Demak, eng katta kuch erkak va ayolning oiladagi vazifasini anglatishga, shuningdek, er-xotin bir-birini tushunishi, qadrlashi kerakligini uqtirishga safarbar qilinishi shart. Gender tengligi ta’minlansin deya, ayolning haqqini kuchaytiramiz deya, bir tomonning qonuniy cheklovini quvvatlab, ikkinchi tomonning imtiyozlarini oshirish bilan er va xotin orasida dushmanlik va adovatni paydo qilmaslik kerak. Insonlarning dunyoqarashlarida farqlar bor, bir kuni xato qilsa, bir kuni tavba qilishi bor, er-xotin urushi – doka ro‘mol qurishidir, keskin qonuniy choralar alal-oqibat oila inqiroziga olib borishi tabiiy.

Yoshlar tarbiyasidagi muammolar. Yoshlar orasida ichimlikbozlik, jinoyat, jinsiy hayotning erta boshlanishi, ilm va malakaga bo‘lgan rag‘batning pasayishi, muloqotdagi yetishmovchiliklarning alomatlari ko‘paygan. Masalan, onlayn shaklda o‘yin o‘ynovchi bolalarning dunyoqarashi bugun bizni jiddiy o‘ylantirishi kerak. 2023-yil fevralda “Aslam boi” laqabli PUBG o‘yinchisi bo‘lgan o‘smir tartibbuzarligi uchun IIBga chaqirilganida bir guruh PUBGchi bolalar uni himoya qilish uchun ko‘chaga chiqib guruh bo‘lib yurishgan edi. Muammo tezda hal bo‘ldi, lekin u mutlaqo yo‘qoldi degani emas, onlayn shaklda PUBGga asir tushgan minglab bolalarning ma’naviy holati jiddiy o‘ylanadigan va ilmiy tekshiriladigan ijtimoiy hodisadir.

Rivojlangan davlatlarda, xususan, AQSHda insonlarning ishsizligi, oilasizligi, giyohvand moddalarga mukkasidan ketib, o‘zligini yo‘qotish darajasi keng ekanligi ochiq haqiqat. Xususan, Las-Vegas shahri tagida tunnellarda minglab odamlar yovvoyi vaziyatda yashayotgani haqida internet manbalarida yetarlicha hujjatlar mavjud. Shuningdek, Yaponiyada johatsuchilik holati ham borki, bu hodisa ham bizning e’tiborimizdan chetda qolishi mumkin emas. AQSH va Yaponiyadagi bu ikki holatning umumiy nuqtasi shuki, odamlarga, jamiyatga qo‘shilishni istamagan, oila mas’uliyatidan qochgan kishilar mana shunday hayot tarzini tanlaganlar. Ular har qanday kuzatuv-nazoratdan xoli bo‘lishni istaydilar. Yashash tarzlarida mutlaqo insoniylik belgilari mavjud emas.

Akrom Malik, 

Ijtimoiy-ma’naviy 

tadqiqotlar instituti kichik ilmiy xodimi.