Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadqiqot: O‘zbekiston yoshlari nimaga va kimga ishonadi?
12:20 / 2021-06-21

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan 2021 yil aprel-may oylarida “Yoshlar va ishonch” mavzusida sotsiologik tadqiqot o‘tkazildi.

O‘zbekistonning barcha hududlaridan bo‘lgan 18-30 yosh oralig‘idagi 1200 nafar respondentni qamrab olgan so‘rovda ishonch tuyg‘usiga O‘zbekiston yoshlarining munosabati o‘rganildi.  

Ushbu tadqiqotda respondentlarning davlat institutlariga, fuqarolik institutlariga, oilaga, dinga, huquqni muhofaza qilish organlariga, yoshlar tashkilotlariga va boshqa qator ijtimoiy institutlarga nisbatan ishonch darajasi o‘rganildi.  

Shaxslararo munosabatlarning mohiyatini belgilaydigan eng muhim omillardan biri ishonchdir. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamiyatning integratsiyalashuvi va barqarorligini ta’minlaydigan muhim vosita hisoblanadi.  

bugungi kunda butun dunyoda insonlararo munosabatlarda individuallashuvning kuchayib, egoizm ortib borayotganligi kuzatilmoqda. Bu sharoitda jamiyatda odamlar o‘rtasida bir-biriga nisbatan ishonchsizlik ortib boraveradi. Shu boisdan, jamiyat a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch holatini alohida o‘rganib, uning barqarorligi va mustahkamligini ta’minlashga qaratilgan faoliyatni muntazam amalga oshirib borish lozim.

Qator xorijlik sotsiologlarning ta’kidlashicha, ishonch davlat va fuqarolik institutlari hamda insonlarning o‘zaro munosabatlarini tartibga soluvchi eng asosiy shartlardan biridir. Jamiyatdagi ijtimoiy tartibni saqlash, undagi o‘zaro aloqalar, xizmatlar va qadriyatlar (resurslar)ning sog‘lom almashinuvini ta’minlanishi ishonch omilining samaradorligiga olib keladi. Fuqarolarning davlat muassasalari va hokimiyat vakillariga ishonchi jamiyatning barqaror rivojlanishi, ayniqsa, amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlab beruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Ishonchga asoslangan munosabatlar jamiyatda ijtimoiy kapitalning qaror topishi va mustahkamlanishida ustuvor ahamiyat kasb etadi. Davlat va nodavlat tashkilotlarga nisbatan fuqarolarda ishonchsizlik kayfiyati shakllanadigan bo‘lsa, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar samara bermaydi, demokratik o‘zgarishlar natijasiz bo‘lib qoladi.  

bugungi kunda O‘zbekiston yoshlarining boshqa insonlarga ishonchi mustahkam emas, deyish mumkin. Sotsiologik tadqiqot natijalari O‘zbekiston yoshlarining har to‘rttadan biri (24,6%) atrofdagilarga to‘liq ishonish mumkin deb hisoblaydi, respondentlarning yarmidan ko‘pi esa (52,2%), “o‘zaro munosabatlarda juda ehtiyot bo‘lish kerak” degan fikrda.

Taqqoslash uchun xuddi shunga o‘xshash tadqiqot natijalariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida yoshlarining 77 foizi o‘z vatandoshlariga ishonmaydi (eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri), Norvegiyada (ochiqlik bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda) atigi 26 foiz yosh fuqarolar atrofdagilardan shubhalanadi. Jamiyatning rivojlanishi va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot natijalari ham, ushbu mamlakatlarda mazkur ko‘rsatkichlarga mos deyish mumkin. Ya’ni, Rossiyada iqtisodiy taraqqiyotni asosan tabiiy boyliklar ta’minlab berayotgan bo‘lsa, Norvegiyada insonlarning bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashlari mamlakat farovonligini ta’minlab beruvchi asosiy omil hisoblanadi.

O‘zbekistonliklarning aksar hollarda bir-birlarini aldashga, oddiy holatlarda ham, bir-birlaridan foydalanib qolishga intilishlari jamiyatimizda o‘ziga xos ishonchsizlik muhitini yuzaga keltirdi. Iqtisodiyotda O‘zbekiston mahsulotlariga va banklarga ishonchsizlik, siyosatda davlat organlari va hokimiyat vakillariga, siyosiy partiyalar va deputatlarga ishonchsizlik, jamiyatda ta’lim tizimiga (maktabgacha ta’limdan tortib, ta’limning yuqori bosqichlarigacha), xizmat ko‘rsatuvchilarga va boshqa tuzilmalarga to‘liq ishonmaslik ushbu sohalarning sekin-astalik bilan rivojlanishiga, ba’zi sohalarning esa, rivojlanishdan to‘xtab qolishiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekistonlik yoshlar asosan “oila a’zolariga” ishonish mumkin deb hisoblaydi (86,4%). Boshqaruv organlaridan esa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti (64,8%) hamda qurolli kuchlar (46,0%)ga ishonch darajasi yuqoriroq. Televideniye (41,4%), respublika miqyosidagi yirik tashkilotlar (GM va h.k.) (27,1%) hamda Mahalliy kengashlar deputatlari (23,9%) o‘zbekistonlik yoshlar “umuman ishonmaydigan” tashkilotlar sirasiga kiradi.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligi fuqarolarning amaldagi hukumatga nisbatan ishonchini belgilab beruvchi muhim omillardan hisoblanadi. Tadqiqot natijalaridan ma’lum bo‘lmoqdaki, O‘zbekiston yoshlarining deyarli har to‘rttadan biri (23,5%) islohotlar natijadorligiga ishonmaydi. Mamlakatdagi korrupsion holatlar, davlat mablag‘larining talon-toroj qilinishi, yuqori lavozimdagi amaldorlarning qonunlar bilan hisoblashmasligi yoshlar ongida islohotlarga ishonchsizlik hissi shakllanishiga olib keladi. Shu sabab, yoshlar va hukumat o‘rtasidagi munosabatlarda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, muloqot uchun platforma yaratish, yuqori amaldorlarning islohotlar natijadorligi yuzasidan hisobdorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan faoliyat tez orada o‘zining ijobiy natijasini beradi degan umiddamiz.

Alisher Yunusov,

Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni  

tayyorlash instituti direktori o‘rinbosari,  

sotsiologiya fanlari nomzodi, dotsent.

O‘zA