Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Filologiya fakultetining o‘zbek adabiyoti kafedrasi tomonidan “Turkiy xalqlar adabiyoti tadqiqida innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlaridan taniqli olimlar, professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etishdi.

Konferensiyaning ochilish plenar majlisida institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Quanishbay Seytnazarov so‘zga chiqib, tadbirning amaliy ahamiyati va undan kutilayotgan natijalarga to‘xtaldi hamda konferensiya ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Anjumanda turkiy xalqlar adabiy merosini o‘rganishda zamonaviy yondashuvlar, raqamli texnologiyalarni joriy etish, adabiyotshunoslikdagi innovatsion tadqiqot usullari va madaniy aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Ilmiy ma’ruzalar davomida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, turkiy xalqlar adabiyotini qiyosiy o‘rganish, tarjima jarayonlari va elektron adabiy bazalar yaratish bo‘yicha muhim takliflarini bildirishdi.

Ushbu xalqaro anjuman turkiy xalqlar adabiy merosini chuqur tadqiq etish, ilmiy aloqalarni mustahkamlash va adabiyotshunoslik sohasida innovatsion g‘oyalarni joriy etish borasida katta amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA