Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi harbiy qismda yoshlar ongida vatanparvarlik va ma’naviy barkamollikni shakllantirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Ularda giyohvandlikka qarshi kurash, yurt ravnaqiga hissa qo‘shish va buyuk ajdodlar misolida milliy g‘ururni mustahkamlashga alohida e’tibor berildi.

Tadbirlar doirasida yangi kino namoyish etildi. Mazkur film yoshlarni giyohvandlik illatidan ogohlantirish va uning salbiy oqibatlarini tushuntirishga qaratilgan. Uning namoyishdan so‘ng tahliliy suhbat tashkil etildi va ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Shuningdek, “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi. Yosh harbiy xizmatchilar yurt ravnaqiga hissa qo‘shish va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish yo‘llari borasida so‘z yuritishdi.
Ma’naviy merosni targ‘ib qilish va milliy g‘ururni kuchaytirish maqsadida “Jaloliddin Manguberdi — millat qahramoni” mavzusida targ‘ibot tadbiri ham bo‘lib o‘tdi. Unda buyuk ajdodlar hayoti va jasorati misolida yoshlarga vatanga sadoqat va mustaqillikni asrab-avaylash borasida ma’ruza qilindi.

Tadbirlar yakunida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi mas’ul xodimlari harbiy qism faoliyati bilan tanishib, yoshlarga oid davlat siyosati, boshlang‘ich tashkilot yetakchisining ish sharoiti va faoliyati samaradorligini tahlil etib, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri