Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorning soliq qarzi va penyasi kamaytirib berildi
12:31 / 2025-07-09

Bugungi kunda yurtimizda qulay biznes muhitini yaratish, nazorat qiluvchi organlar mas’uliyatini oshirish va tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Biznes-ombudsman tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish choralarini ko‘rib bormoqda.

Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsmanga Samarqandda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkor yer solig‘i qarzini kamaytirishda yordam so‘rab murojaat qildi.

Devon tomonidan olib borilgan tekshiruvlarda aniqlanishicha, 2016 yildagi kadastr hujjatlariga ko‘ra, korxonaning yer maydoni 466 kvadrat metr bo‘lgan. Biroq, 2022 yilda texnik xato tufayli «Ko‘chmas mulk 3» dasturida bu maydon 10 ming 333 kvadrat metr qilib ko‘rsatilgan va shu tarzda UZKAD tizimiga o‘tkazilgan.

Natijada, korxonaga asossiz qo‘shimcha yer solig‘i hisoblanib, 52 million so‘m qarzdorlik va 16 million so‘m penya yuzaga kelgan. Shuningdek, yer solig‘i hisobotlari taqdim etilmagani uchun ma’muriy jarimalar ham tayinlandi.

Murojaatdan so‘ng ushbu xatolik to‘g‘rilanib, kadastr pasporti qayta shakllantirilgan. Shunga qaramay, ortiqcha hisoblangan soliqlar va penya kamaytirilmagan.

Biznes-ombudsman va Samarqand viloyati soliq boshqarmasi holatni o‘rganib chiqdi. Natijada 2022-2023 yillar uchun aniqlashtirilgan soliq hisobotlari qabul qilinib, yer solig‘i qarzi va penya kamaytirildi.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA