Tadbirkorning qarzi undirib berildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudining 2024 yil 6 maydagi ijro hujjatiga asosan javobgar Bo‘zatov tumani tibbiyot birlashmasidan da’vogar “Lakoma” xususiy korxonasi foydasiga jami 395 million 324 ming 704 so‘m undirish belgilangan edi.
Da’vogar tomonidan ushbu ijro hujjatini, qonunchilikga ko‘ra, dastlab qarzdorga xizmat ko‘rsatuvchi bankka topshirgan bo‘lsada, ijrosi ta’minlanmagan. Shunda u ijro hujjati ijrosini ta’minlab berishni so‘rab, Majburiy ijro byurosi Bo‘zatov tumani bo‘limiga murojaat qildi.
Bo‘lim xodimlari tomonidan qarzdor Bo‘zatov tumani tibbiyot birlashmasining asosiy bank hisob raqami xatlovga olinib, unga tegishli “Nexia” rusumli avtomashinasi va 12 ta ko‘chmas mulkiga nisbatan taqiq o‘rnatildi. Shuning natijasida, 395 million so‘mdan ortiq pul mablag‘i “Lakoma" xususiy korxonasining hisob raqamiga o‘tkazib berildi va sud qarori ijrosi amalda ta’minlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri