French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorning noqonuniy undirib olingan 65 million so‘m mablag‘i qaytarildi
12:17 / 2026-02-24

Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoniga “U.A.S.” oilaviy korxonasi rahbari tomonidan korxona hisob raqamidan noqonuniy ravishda pul mablag‘lari yechib olingani yuzasidan murojaat kelib tushdi.

O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosarining 2024-yil 7-oktabrdagi qo‘shimcha qarori asosida 2025-yil 28-oktabrda korxona hisob raqamiga 370 million so‘mlik to‘lov talabnomasi qo‘yilgan va shu yil 31-dekabriga qadar jami 65 million so‘m pul mablag‘i undirib olingan. Vaholanki, mazkur qaror hamda qo‘llanilgan jarima to‘g‘risida korxona xabardor qilinmagan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, soliq organining ushbu qarori Qarshi tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan haqiqiy emas deb topilgan.

Mazkur holat yuzasidan pul mablag‘larining qonunga xilof tarzda undirilishiga sababchi bo‘lgan tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘ining sobiq birinchi o‘rinbosariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2419-moddasiga asosan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi va to‘plangan materiallar Ko‘kdala tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga taqdim etildi.

Sud qaroriga ko‘ra, mansabdor shaxs aybdor deb topilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida jarima tayinlandi.

Shuningdek, korxonaning soliq organiga elektron tarzda yo‘llagan murojaatiga belgilangan tartibda javob berilmagani uchun tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 43-moddasiga asosan javobgarlikka tortildi.

Sud qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida asossiz undirib olingan mablag‘larni qaytarish va undiruvni to‘xtatish yuzasidan Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasiga taqdimnoma kiritildi.

Natijada tadbirkorning 65 million so‘m pul mablag‘i to‘liq qaytarildi hamda tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘iga nisbatan intizomiy chora ko‘rish bo‘yicha xulosa qilindi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri