Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorning ishonchli hamkori
18:00 / 2015-05-07

Tadbirkorlar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida investitsiya loyihalari bo‘yicha arizalar fondning www.ffpd.uz elektron manzili orqali ham qabul qilinmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari buyurtmanomalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri pdf.fund@gmail.com elektron pochta orqali taqdim etishi mumkin.

Mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalarni jalb etish orqali eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish istagidagi tadbirkorlar uchun biznesni olib borish bo‘yicha bir qator imtiyozlar yaratildi. Jumladan, yuqori texnologik uskunalarni sotib olish uchun kichik biznes subyektlarini kreditlash mexanizmi soddalashtirildi. Ya’ni, ularning kredit uchun yozgan arizalarini ko‘rib chiqish muddati uch bank ish kunidan oshmasligi belgilandi. Bank hisobvarag‘ini ochish, byudjetga ularning hisobvaraqlaridan soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashda bank xizmatlari uchun to‘lov undirish va notarial tasdiqlangan imzolar namunasi olish bekor qilindi. Hisobvaraqlarga elektron ko‘rinishda xizmatlar ko‘rsatish uchun olinadigan to‘lov miqdori 20 foizga qisqartirilib, bank-moliya sohasida 8 turdagi ruxsat berish tamoyillari bekor qilindi.

Tegishli loyiha hujjatlarini tayyorlash va uni ishlab chiqishni moliyalashtirish yo‘li orqali kichik biznes subyektlarining kredit resurslaridan foydalanishlarini yengillashtirish choralari ko‘rilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan 2011-yili O‘zbekiston Banklar uyushmasi huzuridatashkil etilgan Investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini tayyorlashni moliyalashtirish jamg‘armasi bunda faol ishtirok etmoqda.

Mazkur jamg‘arma iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlaridagi investitsiya loyihalari bo‘yicha g‘oyalar tanlovini o‘tkazish, ularning loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni moliyalashtirish hamda tijorat banklarining mablag‘larini jalb etishda ishbilarmonlarga ko‘maklashmoqda.

– Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hamda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish maqsadida tijorat banklari kreditlarini jalb etish uchun namunaviy biznes-rejalar ishlab chiqish doimiy e’tiborda, – deydi Investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini tayyorlashni moliyalashtirish jamg‘armasi boshqaruvi raisi Otabek Karimov. – Bu jarayonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va servis obyektlarini tashkil etishga oid loyihalar muhim ahamiyat kasb etayotir.

Buyurtmanomalarning tushishiga qarab jamg‘arma kengashi yig‘ilishlari tashkil etilib, tanlovlar qisqa muddatlarda o‘tkazilmoqda. Bunda tenglik, ochiqlik va xolislik tamoyillariga to‘la rioya qilinmoqda.Tanlovda qatnashish uchun taqdim etiladigan dastlabki hujjatlarning namunaviy shaklini tijorat banklarining filiallari hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalaridan olish mumkin.

Tanlovga tavsiya etilayotgan texnologiyalarning yangiligi, g‘oyalarning iqtisodiy samaradorligi, ilg‘or ishlanmalardan foydalanilishi, mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, mahalliy xomashyo hamda materiallardan foydalanish imkoniyati kabi mezonlarga alohida e’tibor qaratiladi.

Tijorat banklari tomonidan loyihaning istiqbolliligi aniqlangach, loyiha hujjatlarini ishlab chiquvchini – qonun hujjatlariga muvofiq loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha loyihalash tashkiloti, injiniring va konsalting kompaniyasini aniqlash yuzasidan tanlov e’lon qilinadi. Tanlov takliflari va zarur hujjatlar qabul qilinib, takliflar baholangandan keyin g‘olib aniqlanadi. Jamg‘arma har bir loyiha hujjatlarini tayyorlash xarajatlarini eng kam oylik ish haqining 200 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda moliyalashtiradi.

Tadbirkorlar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida investitsiya loyihalari bo‘yicha arizalar fondning www.ffpd.uz elektron manzili orqali ham qabul qilinmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari buyurtmanomalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri pdf.fund@gmail.com elektron pochta orqali taqdim etishi mumkin. Natijada buyurtmanomalarni qabul qilish muddatlari keskin qisqarib, tadbirkorlarning vaqti va mablag‘i tejalmoqda.

Investitsiya g‘oyalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiquvchini aniqlashda nafaqat uning sifati va tayyorlash bahosi, balki muddatlariga ham e’tibor berilayotgani loyihalar ijrosini jadallashtirishga xizmat qilmoqda. Xususan, 2014-yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlaridan 120 dan ortiq buyurtmanoma tushdi. Bu 2013-yilga qaraganda 34 foiz ko‘p demakdir. Ushbu loyihalarning 33 tasi jamg‘arma kengashi tomonidan ma’qullanib, moliyalashtirildi. Yetmishdan ziyod loyihani tijorat banklari moliyalashtirishida ko‘maklashildi.

Joriy yilning birinchi choragida esa tadbirkorlik subyektlaridan tushgan buyurtmanomalar 2014-yilning shu davriga qaraganda oltmish foizga oshdi. Ulardan fondning bevosita ko‘magida amalga oshirilganlariga tijorat banklari 10,8 milliard so‘m miqdorida kredit ajratishi kutilmoqda. Mazkur loyihalarning aksariyat qismi ishchi kuchi nisbatan ko‘p bo‘lgan hududlar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Misol uchun, Namangan viloyatidagi “Lyuks Plyus Servis” korxonasiga ajratilgan bir milliard so‘m evaziga tikish sexi faoliyati kengaytirilgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyatidagi “Kumush kuz fayzi” korxonasi qariyb 600 million so‘m sarmoya bilan qurilish ashyolari ishlab chiqarishni boshladi. Surxondaryo viloyatidagi “Termiz mexanizatsiya” korxonasi 232 ming dollar evaziga tomat sharbati va tomat pastasi ishlab chiqarishniyo‘lga qo‘ydi. Toshkent viloyatidagi “Bioton” korxonasi 70 ming dollar evaziga biologik faol qo‘shilmalar va tibbiyot dori vositalarini ishlab chiqarishni kengaytirdi.

Investitsiya loyihalari bo‘yicha loyiha hujjatlarini tayyorlashni moliyalashtirish jamg‘armasi bilantijorat banklari o‘rtasida mustahkam hamkorlik o‘rnatilgan. Jumladan, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Agrobank”, “Asaka”, “Ipak yo‘li”, “Asia Alliance Vank” singari moliya muassasalari ko‘magida investitsiya loyihalariga belgilangan mablag‘lar o‘z muddatida yo‘naltirilmoqda.

Jamg‘arma faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Markaziy bank hamda Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda joylarda seminarlar tashkil etilib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida keng targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, ommaviy axborot vositalarida tanlov e’lonlari muntazam chop qilinmoqda.

Bularning barchasi tadbirkorlarning ishlab chiqarishni kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash borasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda. Zero, sohada erishilayotgan muvaffaqiyatlar tufayli xalqimizning turmush darajasi va sifati muttasil o‘sib, mamlakatimizning iqtisodiy qudrati oshib bormoqda.