Sirdaryo viloyatidagi “Sumayya hamkor servis” MCHJ va “O‘zyo‘lko‘prik klasteri Sirdaryo filiali” davlat muassasasi o‘rtasida tuzilgan shartnoma ijrosi adliya aralashuvi orqali ta’minlandi.
Shartnoma bo‘yicha MCHJga tegishli diametri 1480 mm bo‘lgan 4 dona, har biri 11 metrlik temir trubalar (umumiy qiymati 119,6 million so‘m) 2024 yil 31 dekabrga qadar vaqtinchalik saqlash uchun davlat muassasasi ixtiyoriga topshirilgan edi. Ammo belgilangan muddat o‘tganiga qaramay, “O‘zyo‘lko‘prik klasteri Sirdaryo filiali” shartnoma majburiyatini bajarmay, trubalarni tadbirkorga qaytarmadi. Bu holat MCHJ faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Tadbirkor huquqiy yordam so‘rab, Mirzaobod tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi. O‘rganishlar davomida arizada keltirilgan holat o‘z tasdig‘ini topdi.
Qonun normalariga ko‘ra, har ikki taraf tuzilgan shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarishi shart. Shu asosda adliya bo‘limi tadbirkorni qo‘llab, Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritdi. Sud ishni har tomonlama ko‘rib chiqib, davlat muassasasiga temir trubalarni MCHJ ga asl holatda qaytarish majburiyatini yukladi.
Natijada tadbirkorning huquq va manfaatlari tiklandi, shartnoma intizomi ta’minlandi va tadbirkorlik sub’ekti qonuniy himoya bilan ta’minlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA