Tadbirkorning huquqi himoya qilindi
Har bir tadbirkor o‘z faoliyatini tinch va ishonch bilan yuritishi uchun qonuniy manfaatlari ta’minlanishi zarur. Shu maqsadda Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlar murojaatlarini o‘rganib, ular duch kelgan asossiz holatlarga barham bermoqda.
Jumladan, Navoiy viloyatida mehmonxona faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ekti “Hududgazta’minot” AJ va uning “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali tomonidan hisoblangan penya summasini asossiz deya, Qo‘mitaga murojaat qilgan.
Murojaat yuzasidan Qo‘mita tomonidan o‘rganish va tegishli choralar ko‘rildi. Natijada, tadbirkorga asossiz ravishda hisoblangan 68 mln. so‘mga yaqin penya “Hududgazta’minot” AJning maxsus elektron dasturida qayta ko‘rib chiqilib, hisobdan chiqarilishi ta’minlandi.
Shu orqali tadbirkorlik sub’ektining qonuniy manfaatlari tiklandi va gaz ta’minoti sohasidagi adolatsiz holatga chek qo‘yildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA