Davlatimiz rahbarining "Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilinishi mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashda yangi davrni boshlab berdi.
Xususan, Biznes-ombudsman devoni tomonidan mazkur farmon doirasida tadbirkorlarga yaqindan ko‘mak berib kelinmoqda.
Jumladan, Biznes-ombudsmanga Sirdaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi "Aziz non" (nomi o‘zgartirilgan) oilaviy korxonasi mutasaddilari amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Aniqlanishicha, murojaatchi tadbirkor Boyovut tumanida non va non mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan. Biroq Boyovut tumani elektr ta’minoti korxonasi (ETK) qarzdorlik mavjud degan vaj bilan yanvar oyi oxirida korxonani elektr tarmog‘idan uzib qo‘ygan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, "Aziz non" oilaviy korxonasi o‘z faoliyatida mavjud qarzdorlikni 6 yanvar kuni to‘liq yopgani ma’lum bo‘ldi. Qonunchilikda belgilangan tartib – "Elektr energiyasidan foydalanish" qoidalarining 88-bandiga ko‘ra, iste’molchi tadbirkor o‘tgan oy iste’moli uchun to‘lovni kelasi oyning 10 sanasiga qadar amalga oshirishi mumkin.
Biznes-ombudsman devoni va "Energosavdo" filiali Sirdaryo bo‘limi xodimlari tomonidan holat joyiga chiqib o‘rganilganda, korxona tarmoqqa qayta ulanish uchun "Elektr energiyasidan foydalanish" qoidalarining 144-bandiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida to‘lov to‘lashga majbur bo‘lgani aniqlandi.
Shu bois, Boyovut tuman ETK xodimlari o‘z xatti-harakatlari bilan qonunbuzilishi holatiga yo‘l qo‘ygani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-3-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA