Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari qonun himoyasida
17:01 / 2023-10-04

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Biznes-ombdusman devoni axborot xizmati rahbari Guljamol Shukurova ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yillar davomida tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlaridan qonun hujjatlarida belgilanmagan tartibda pul mablag‘ini olib qo‘yish yoki ortiqcha undirilgan va to‘langan pul mablag‘ini o‘z vaqtida qaytarmaslik holatlari ko‘p kuzatilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 10 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisob raqamlaridagi pul mablag‘larining daxlsizligini ta’minlash hamda davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlarining mansabdor shaxslari javobgarligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Hujjatga muvofiq, tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ularni o‘z vaqtida qaytarmaslik (oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda) uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Mazkur qonunga asosan shu qilmish ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan taqdirda jinoiy javobgarlik kelib chiqadi.

Brifingda tadbirkorlarga ularning hisob varaqlaridan pul mablag‘larini qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik holati uchrayotgan bo‘lsa, bu haqda Biznes-ombudsmanga xabar berishi aytib o‘tildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA