Prezidentimiz tadbirkorlar bilan o‘tkazayotgan ochiq muloqotlarida ilgari surayotgan tashabbus va g‘oyalar ularning biznesini yuritishida yangi-yangi yengilliklarni yaratmoqda. Shu yilning 18 avgust kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ham ko‘plab tashabbuslarni o‘z ichiga olgan beshta muhim yo‘nalish ko‘rsatib o‘tildi.
Sohada yuz berayotgan yangilanishlarga mos tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunchilik ham o‘zgarishlarga yuz tutmoqda. “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bunga yaqqol misoldir. Qonunchiligimizga kiritilgan bu safargi qo‘shimcha va o‘zgartishlar tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlari hamda mulk huquqi daxlsizligini himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Endilikda ushbu qonun tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisob raqamlaridagi pul mablag‘larining daxlsizligini ta’minlashga, davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlarining mansabdor shaxslari javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.
Joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlarning turli masalalariga oid 241 ta murojaatini ko‘rib chiqdik. Ularning qonuniy huquq va manfaatlarini poymol qilgan 130 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirildi. Tadbirkorlarning manfaatini himoya qilib, sudlarga 19 ta ariza kiritildi va 3 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘i undirildi. Shu yilning 13 avgustidan kuchga kirgan qonunchilikka kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini qatiy ta’minlab, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim omil bo‘ladi.
Xususiy sektor vakillari hisob raqamlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligi haqida so‘z yuritilar ekan, dastlab shuni aytish lozimki, shu paytgacha tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqalaridan qonun hujjatlarida belgilanmagan tartibda pul mablag‘lari olib qo‘yish yoki ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik holatlari uchrab turar edi. Bu masalalar sudlarga da’vo arizasi yoki davlat organlariga taqdimnoma va xulosalar kiritish yo‘li bilan hal etilganidan ko‘pchilikning xabari bor. Bu kabi harakatlarni sodir etgan mansabdorlarning javobgarligi qonunchilikda ochiq qolgani sababli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Xo‘sh, qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar unga amal qilinmagan hollarda qanday choralar qo‘llashni nazarda tutmoqda? Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi 2419-moddaga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish yoxud ortiqcha undirilgan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik, oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan 19212-moddaga ko‘ra, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Agar o‘sha harakatlar:
a) ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.
Qonunda ushbu harakatlar juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda yoki uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan taqdirda – bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravaridan olti yuz baravarigacha jarima yoki bir yildan uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilinib, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi. Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplansa ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Bularning barchasi so‘nggi yillarda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va to‘sqinlik qilish kabi holatlardan himoya qilish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar samarasidir.
Shavkat Yaxshiqulov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va
qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil
devonining Surxondaryo viloyati shu’basi yetakchi inspektori.
O‘zA