O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi “Qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda chet el yuridik shaxslari bilan bog‘liq soliq ma’murchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblangan xo‘jalik yurituvchi shaxslarga qator yengilliklar yaratildi.
Jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarga import-eksport operatsiyalari jarayonida yoki faoliyati davomida hosil bo‘lgan “manfiy” summasini soddalashtirilgan tartibda qaytarish bu ular uchun juda muhim qulaylik yaratmoqda.
Xususan, bugungi kunga qadar Navoiy viloyat davlat soliq boshqarmasiga 323 korxonadan qariyb 82 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni, ya’ni yuzaga kelgan manfiy qoldiq summasini qaytarish yuzasidan arizalar kelib tushgan.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ular faoliyatini rivojlantirish maqsadida 185 ta korxonaga 53 milliard 3 million so‘m mablag‘ ishbilarmonlarning bankdagi hisobraqamlariga qaytarilgan.
Eng muhimi, ushbu qaytarilgan mablag‘lar korxonalarda qo‘shimcha aylanma mablag‘larning yuzaga kelishi, ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, daromad hajmini oshirish imkonini beradi.
Masalan, “SULTAN-ALI EXPRESS TOUR” hamda “BUYUK KARVON SARI 2020” mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga 1 milliard 296 million so‘mdan ortiq mablag‘ ular ixtiyoriga qaytarilgan.
G‘ozg‘on shahridagi “Marmarobod” mas’uliyati cheklangan jamiyati klaster shaklida tashkil etilgan bo‘lib, bu yerga Xitoy davlatidan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Korxonada qo‘shilgan qiymat solig‘idan 2 milliard so‘m manfiy qoldiq summasi yuzaga kelgani bois, ushbu mablag‘ni hisob-raqamiga qaytarish to‘g‘risida viloyat davlat soliq boshqarmasiga murojaat qildi. Natijada, tadbirkorning murojaati tez kunda hal etildi.
Navoiy viloyat davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati