Davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Ombudsmanga nafaqat huquqiy himoya, balki aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga ko‘maklashish vazifasi ham topshirildi.
Shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar natijasida fuqarolarning Ombudsmanga murojaatlari ko‘paydi. Qolaversa, bu tuzilmaga murojaat qilish osonlashdi. Ombudsmanning mintaqaviy vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ham tuzilmani xalqqa yanada yaqinlashtirdi.
Ombudsmanga fuqaro R.P. uy-joy sotib olish bo‘yicha tuzilgan shartnoma shartlari bajarilmagani bo‘yicha murojaat qildi.
Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, u uch yil avval Urganch shahridagi qurilish bilan shug‘ullanadigan mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan va 75 million so‘m to‘lagan.
Shartnoma shartlariga ko‘ra, quruvchi ob’ektni 2023 yil 6 yanvarga qadar egasiga topshirishi kerak edi. Lekin uy hozirga qadar qurib bitkazilmagan. Fuqaro R.P. mas’uliyati cheklangan jamiyat direktoriga shartnomani bekor qilish va to‘lagan pullarini qaytarishini so‘rab bir necha marta murojaat qilishiga qaramay natija bo‘lmagan.
Ombudsmanning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili ushbu murojaatga ilova qilingan hujjatlarni o‘rganib, mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbariga shartnoma shartlarining qo‘pol ravishda buzilgani va uning huquqiy oqibatlari hamda murojaatchining ijtimoiy himoyaga muhtoj ekanligini tushuntirdi.
Ish sudgacha yetib bormay, murojaatchining quruvchiga to‘lagan 75 million so‘m puli qisqa muddatda to‘liq qaytarib berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA