Ma’lumki, mamlakatimizda Biznes-ombudsman tadbirkorlar bilan davlat organlari o‘rtasidagi nizolarning oldini olish va ularni hal etish bo‘yicha mas’ul bo‘lib, o‘z faoliyatini xalqaro huquq me’yorlariga to‘la rioya qilgan holda amalga oshiradi. Ular Prezidentimizning tegishli qaror va farmonlari asosida tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlaydi.
Shu sabab tadbirkorlar o‘zlarining duch kelayotgan masalalarga amaliy yechim topish maqsadida Biznes-ombudsmanga murojaat qiladi. Xususan, Biznes-ombudsmanga Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkor huquqlarini himoya qilishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Ellikqal’a tumani hududida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan tadbirkor “Elektron onlayn auksion” savdo maydonchasida ishtirok etib, g‘olib deb topildi va yer uchastkasiga egalik huquqini qo‘lga kiritdi. Biroq yer uchastkasini o‘z nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qurilish ishlarini boshlash jarayonida kutilmagan muammoga duch keldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Majburiy ijro byurosi tomonidan tuman hokimligining qarzdorligi sababli, hokimlikka tegishli bo‘lgan barcha mol-mulklarga, shu jumladan, auksion orqali tadbirkor tomonidan yutib olingan ushbu yer maydoniga ham taqiq qo‘yilgan edi. Bu holat tadbirkorning o‘z faoliyatini boshlashiga to‘siq bo‘ldi.
Biznes-ombudsman devoni yordamida yagona elektron savdo maydonchasi orqali yutib olingan va avval hokimlikka tegishli bo‘lgan yer maydoniga qo‘yilgan barcha taqiqlar bekor qilinishi ta’minlandi.
Shuningdek, devonga Qashqadaryoda faoliyat yurituvchi tadbirkor elektr energiyasidan asossiz hisoblangan qarzdorlikni bekor qilishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Aniqlanishicha, "Energosavdo" filiali Koson tuman bo‘linmasi tomonidan tadbirkor hisobiga boshqa iste’molchilarning qarzi xatolik tufayli kiritib yuborilib, 68 million so‘mlik asossiz qarz hisoblangan.
Biznes-ombudsman devoni aralashuvi bilan ushbu xatolik bartaraf etildi va tadbirkor hisobidan asossiz yozilgan mazkur 68 million so‘m qarzdorlik bekor qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA