Qulay biznes muhiti tadbirkorga qanot beradi. Binobarin, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq-manfaatlarini ta’minlash, yetarli shart-sharoitlar yaratib berish iqtisodiyotni yuqori suratlarda o‘sishining garovidir.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil davomida tadbirkorlar bilan ikki bor o‘tgan ochiq muloqoti doirasida, xususiy sektor uchun qulay biznes muhiti yaratish, nazorat organlari mas’uliyatini oshirish va noqonuniy aralashuvlarning oldini olish maqsadida jazo choralarini yengillashtirish hamda asossiz aralashuvlarning oldini olish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ishbilarmonlarning ta’biri bilan aytganda, tadbirkorning “advokati” sanalgan Biznes-ombudsmanning Namangan viloyati bo‘yicha vakilligiga 2024 yil davomida tadbirkorlik sub’ektlaridan 300 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning 60 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilib, ishbilarmonlarning buzilgan huquqlari tiklanishiga erishildi.
“Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini ko‘rib chiqilishi muntazam nazoratga olinib, murojaatlarni hal etilishi natijasida biznes yurituvchilariga 1,5 milliard so‘mdan ziyod kredit ajratilishi, 907 million so‘m mablag‘ undirilishi yoki hisobdan chiqarilishida yaqindan yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida 18 ta holatda noqonuniy tekshirishlar o‘tkazilgani, 160 dan ortiq holatda tekshirishlar o‘tkazish tartiblari buzilganligi sababli 140 nafardan ziyod mansabdor shaxsga ma’muriy javobgarlik chorasi belgilanib, 26 ta nazorat qiluvchi organga ogohlantirish berilgan.
Davlatobod tumanidagi Orzu mahallasida joylashgan “Yoshlar” kichik sanoat zonasida faoliyat yuritib kelayotgan “Nam Bio Test” mas’uliyati cheklangan jamiyat 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda qon tahlillari bo‘yicha innovatsion yechim topilib, import to‘liq mahalliylashtirilgan. Aynan Biznes-ombudsman ko‘magida loyiha tashkil etilib, 20 milliard so‘mlik ekspress testlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan. E’tiborlisi shundaki, uyda o‘tirgan, “Ayollar daftari”dagi 30 nafar xotin-qiz ish o‘rniga ega bo‘ldi. Korxonaga 2023 yil aprel oyida xalqaro “ISO” 9001 va “ISO” 13485 standart sertifikatlari taqdim qilingan.

Ta’kidlash joizki, bunday ekspress testlar hozirga qadar yurtimizga import qilib kelingan. Endilikda esa ushbu tibbiyot mahsulotlari Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Namangandagi korxonada ishlab chiqarilmoqda. Qo‘shni davlatlar va Rossiya Federatsiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha dastlabki qadamlar qo‘yilgan. Jamiyat texnologi Xayrullo Muhiddinovning qayd etishicha, ayni vaqtda yurak miokard infarktini aniqlash imkoniyatini beruvchi testni ishlab chiqarish ustida izlanishlar olib borilmoqda.
Namangan shahrida Fransiya bilan hamkorlikda faoliyat yuritib kelayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Lactalis Agro” qo‘shma korxonasida bugungi kunda 500 dan oshiq ishchi mehnat qiladi.

Ish bor joyda muammolar ham yuzaga kelishi tabiiy. Korxona yonidan o‘tgan avtomagistral qurilish jarayonida yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i zarar ko‘rganligi oqibatida korxona faoliyati to‘xtab qolgan. Qolaversa, saqlash tartibi buzilganligi sababli mahsulotlar laboratoriyadan o‘tmaganligi tufayli korxona zarar ko‘rish arafasida bo‘lgan. Biznes-ombudsman aralashuvi bilan Namangan shahar hokimining farmoyishi qabul qilinib, yo‘l qismida qayta qurilish bajarilib, yuqori kuchlanishli elektr ta’minotidagi uzilish tiklangan.
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida hisob raqamiga qo‘yilgan cheklov natijasida ishlab chiqarishning to‘xtashi oqibatida 1,6 milliard so‘m zarar ko‘rish arafasida bo‘lgan. Bunday holatda Biznes-ombudsman ko‘magi natijasida, hisob raqamiga qo‘yilgan taqiq olib tashlangan. Bundan tashqari qo‘shma korxonaning sariyog‘ importi bilan bog‘liq yuzaga kelgan muammo ham o‘z vaqtida bartaraf qilindi.

Yangi Namangan tumanida faoliyat yuritayotgan, 2020 yilda “Gavhar Jewel Group” mas’uliyati cheklangan jamiyat tarkibida tashkil etilgan “Gavhar” kompaniyasi zargarlik buyumlari va esdalik sovg‘alari ishlab chiqaradi. Mazkur jarayonda jahon an’analari, shu jumladan, italyan zargarlik maktabining tajribasidan foydalaniladi. Italiya, Turkiya va Germaniyaning zamonaviy texnologiyalari qo‘llaniladi.
Biznes-ombudsman tashabbusi bilan Zargarlik oliygohi va mahalliy zargarlar kooperatsiyasini tashkil etish uchun Namangan viloyatida zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yirik tadbirkorlarga Namangan muhandislik-texnologiya instituti huzuridagi sanoat va iqtisodiyot texnikumi bino-inshootlarini imtiyozli shartlarda xususiylashtirish masalasini ko‘rib chiqish taklifi kiritilishi natijasida hozirda ushbu faoliyatni boshlash uchun texnikum bino inshootlari kompaniyaga berilgan.

– Amaldagi qonunchilikda tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan huquqlar va imtiyozlardan to‘laqonli foydalanishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar xodimlarimiz tomonidan tizimli asosda olib borilmoqda. Bunda tadbirkorlar huquqlarini tartibga soluvchi qonunchilikni izchil takomillashtirib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni shu maqsadda Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan takliflar va ko‘tarilgan muammolardan kelib chiqqan holda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan 60 dan ziyod taklif va sohalar kesimida o‘n beshdan ortiq tahliliy ma’lumotlar tayyorlanib, vakolatli instansiyalarga yuborildi, – deydi Biznes-ombudsmanning Namangan viloyati bo‘yicha bosh inspektori Husniddin Ahmedov.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri