Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi “GRAND MEGA STROY” xususiy korxonasi tumandagi korxonalardan biriga o‘zaro shartnoma asosida qurilish va ta’mirlash ishlarini belgilangan muddatda bajarib bergan.
Biroq, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun shartnomaga muvofiq to‘lovlarni amalga oshirmagan. Bu masala sud tartibida ko‘rib chiqilgach, Denov tumanlararo iqtisodiy sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor korxonadan undiruvchi “ GRAND MEGA STROY ” xususiy korxonasi foydasiga 508 million 248 ming qarz undirish belgilangan. Qarzni undirish MIB Denov tuman bo‘limi zimmasiga yuklatilgan.
–Mamlakatimizda tadbirkorlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Byuroning Denov tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Salohiddin Ahmedov.–Shunga muvofiq ijrochilarimiz tadbirkorlar foydasiga undiruv bilan bog‘liq ijro ishlariga alohida ahamiyat bermoqda. Qarzdorlikni imkon qadar tezroq undirib berish choralarini ko‘rayotir. Mazkur holatda ham qarzdor korxona rahbariga sud qarori ijrosini bajarish uchun ixtiyoriy muddat belgilab berildi. Qarzdorlik to‘lanmagan taqdirda korxonaga tegishli mol-mulklar hisobidan undirilishi tushuntirildi.
Majburiy ijro harakatlari jarayonida Byuroning tuman bo‘limi Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunning tegishli moddalariga asosan qarzdor korxonaning hisob raqamlariga band soldi. Inkassa topshiriqnomalari yuborildi. Korxona hisobidan qarzdorlik to‘liq undirib berilib, ijro hujjati yakunlandi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri