Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorning 20 foizlik kreditining 5 foizi jamg‘arma tomonidan qoplanadi
17:21 / 2021-04-02

Tadbirkor bankdan 20 foizlik kredit olsa, 5 foizini Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan beg‘araz yordam sifatida qoplab beriladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy matbuot markazida jamg‘arma tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Matbuot anjumani doirasida O‘zA muxbirining mavzuga oid savollariga Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Umurbek Ismoilov javob berdi.

– Ushbu jamg‘arma tashkil etilganiga 4 yil bo‘ldi. Jamg‘arma tomonidan o‘tgan davr mobaynida qanday ishlar amalga oshirildi?

– Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan 2017 yil Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilgan edi, – deydi U.Ismoilov. – Jamg‘armamiz shu bugungacha tadbirkorlarga moliyaviy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Jumladan, tadbirkorlar ko‘p hollarda tijorat banklaridan kredit olishda uni rasmiylashtirish jarayonida bitta asosiy muammoga duch keladi. Ya’ni, garov ta’minotining yetishmasligi. Mana shunday hollarda jamg‘armamiz tadbirkorlarga tijorat bankidan olinayotgan kreditning 50 foizigacha, lekin 8 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda kafillik xati beradi.

Masalan, tadbirkor faoliyatini yo‘lga qo‘yish yoki faoliyatini rivojlantirish uchun tijorat bankidan 1 milliard so‘m miqdorida kredit olayotgan bo‘lsa, unga garov ta’minoti yetmayotgan bo‘lsa, 500 million so‘m qismi, ya’ni kreditning yarmiga jamg‘arma kafillik xati beradi. Bu tijorat banklarida garov ta’minoti sifatida olinadi. Qolgan 50 foiziga tadbirkor bank so‘ragan garov turlarining bir nechtasini taqdim qilgan holda kredit olishi mumkin bo‘ladi.

Bu jamg‘armaning birinchi moliyaviy yordami bo‘ladigan bo‘lsa, tadbirkorlar uchun ikkinchi moliyaviy yordam tijorat banklari tomonidan kreditlar foiz hisobida beriladi. Ya’ni, xorijiy valyutada bo‘ladigan bo‘lsa, banklar tomonidan belgilangan foiz stavkalari asosida kredit ajratiladi. O‘sha olinadigan kreditning foiz stavkasi tadbirkorning biznesi uchun qimmatlik qiladigan bo‘lsa, jamg‘arma tomonidan o‘sha tijorat banki tomonidan belgilangan foiz stavkaning ma’lum bir qismi, Markaziy bankning foiz stavkasidan yuqori bo‘lgan 5 foiz kompensatsiya taqdim qilinadi.

Agar tadbirkor milliy valyutada 1 milliard so‘m miqdorida kredit oladigan bo‘lsa, bank uni yillik 20 foizini taqdim qiladigan bo‘lsa, 20 foizning besh foizi jamg‘arma tomonidan tadbirkorga beg‘araz yordam sifatida qoplab beriladi. Tadbirkorga ushbu kredit yillik 15 foizdan aylanadi. Bu tadbirkorning biznesini rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyat. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, jamg‘arma tomonidan tadbirkorlarga foiz xarajatlarini kamaytirish maqsadida qoplab beriladigan kompensatsiyalar jamg‘armaga qaytarilmaydi.

bugungi kunga qadar qariyb 35 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektlariga jamg‘arma tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatildi. O‘tgan 2020 yil davomida pandemiya sharoitida ko‘pchilik tadbirkorlarimiz kredit mablag‘larini to‘lashda qiynaldi. Ushbu holatda tijorat banklari tomonidan olingan kreditlar 6 oyga uzaytirilib berildi. Birgina 2020 yilning o‘zida 20 mingdan ortiq tadbirkorga jamg‘arma tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatildi.

– Tadbirkorlar jamg‘armaning moliyaviy yordamidan foydalanish uchun qay tartibda murojaat etishi kerak?

– Tadbirkorlarimiz jamg‘armaning moliyaviy yordamidan foydalanish uchun jamg‘armaga kelishlari shart emas. Ularning ishi yengil bo‘lishi uchun jamg‘armaning tuman, viloyatda yuridik murojaat bo‘limlari bo‘lmaganligi sababli shunday ish tartibi yo‘lga qo‘yilganki, tadbirkor kredit olmoqchi bo‘lgan bankiga kredit olishni so‘rab murojaat qilgan arizasida jamg‘armaning moliyaviy yordamidan foydalanishi to‘g‘risida yozib qoldirishi kerak. Shuning o‘zi kifoya. Jamg‘armaga kelib biror hujjat taqdim qilishi shart emas. Qaysidir tijorat bankidan kredit rasmiylashtirmoqchi bo‘lsa, o‘sha kredit so‘rab yozgan arizasiga binoan bank xodimi elektron tarzda jamg‘armaga buyurtmanoma taqdim qiladi. Buyurtmanoma jamg‘arma tomonidan bir kunda ko‘rib chiqilib, javob xati beriladi. Agar ushbu buyurtmanoma jamg‘arma tomonidan ma’qullanadigan bo‘lsa, demak 3 tomonlama shartnoma elektron tartibda jo‘natiladi. Har bir ariza va buyurtmanoma elektron tarzda amalga oshiriladi.

– 2020 yilda jamg‘armaga tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan qancha mablag‘ ajratildi, joriy yilchi?

– 2020 yilda jamg‘armaga davlat byudjet mablag‘lari hisobidan 200 milliard, bundan tashqari, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tomonidan 5 milliard miqdorda mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutildi. Ushbu mablag‘ tijorat banklariga ajratilgan. Ya’ni, 2020 yil pandemiya davrida tadbirkorlarga, qolaversa, turizm yo‘nalishidagi tadbirkorlarga mehmonxona xo‘jaligini tashkil qilishda moliyaviy ko‘mak berildi. Bundan tashqari, Buxoro viloyatida sodir bo‘lgan tabiiy ofat natijasida talafot ko‘rgan issiqxona xo‘jaliklarni qayta tiklashda berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 100 foizi jamg‘arma tomonidan qoplab berildi. Yana mazkur mablag‘larning sarflanishi bo‘yicha yana misol qilib aytish mumkin. Farg‘ona viloyatida turli yo‘nalishdagi loyihalar uchun jamg‘arma tomonidan kompensatsiya ko‘rinishidagi moliyaviy yordamlar amalga oshirildi.

2021 yilda davlat byudjetidan jamg‘armaga 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur mablag‘lar tadbirkorlarning foiz xarajatlarini kamaytirish bo‘yicha kompensatsiyaga hamda o‘sha olingan kafilliklar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirilishiga yo‘naltiriladi.

– Jamg‘arma tomonidan eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga qanaqa yordam ko‘rsatilmoqda?

– bugungi kunda jamg‘arma tomonidan eksportyorlarga eksport oldi amaliyotlarni amalga oshirishi uchun tijorat banklari tomonidan eksport oldi xarajatlarni qoplash, aylanma mablag‘larni olgan tijorat banki tomonidan belgilangan foiz stavkani asosiy stavkadan yuqori bo‘lgan qismi, 10 foizgacha bo‘lgan qismi jamg‘arma tomonidan qoplab beriladi. Bundan tashqari, tadbirkorlarimizga jamg‘arma tomonidan kompensatsiya ko‘rinishidagi moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. Aynan eksportyor tadbirkorlarimizga aylanma mablag‘larini shakllantirishlari uchun tijorat banklari tomonidan olinadigan kredit miqdoridan qat’iy nazar jamg‘arma tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. Ya’ni, 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lsa ham kompensatsiya beriladi. Tadbirkorlar uchun yana bir muhim yangilik, endilikda tadbirkorlarimiz tijorat banklari tomonidan qancha foizdan kredit olishidan qat’iy nazar o‘sha kredit foizining 50 foiziga kompensatsiya ajratiladi.

 

Shahnoza MAMATUROPOVA,

O‘zA muxbiri