Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorni pulini kim beradi? yoxud Toshkent shahar hokimiga murojaat
14:11 / 2024-09-19

O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga kelgan murojaatga ko‘ra,“Ultra Farm” MCHJning 3 milliarddan ziyodroq mablag‘ini Toshkent shahar Chilonzor tuman hokimligi bermayotgan ekan. Jabrlanuvchi tadbirkorning ma’lum qilishicha, ushbu summani Chilonzor tumani hokimiyatidan olish uchun 2 yildan ko‘p vaqt mobaynida yugurgan. Ayni damda ham yugurishda davom etmoqda.

“Ultra Farm” MCHJ taqdim etgan hujjatlarga ko‘ra, 2022 yil mart oyida Chilonzor tumani hokimiyati balansidagi binoni ta’mirlab, bajarilgan xizmat haqqini ololmagan. Pulni hokimiyatdan undirish uchun hattoki, sud qarori ham mavjud. 

2023 yil 6 iyunda kuchga kirgan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining (4-1001-2318/364-sonli) hal qiluv qaroriga binoan Majburiy ijro byurosining Chilonzor tuman bo‘limiga 3 060 041 820 so‘m mablag‘ni Chilonzor tuman hokimiyatidan “Ultra Farm” MCHJ hisobiga undirib berish belgilangan. Sud ijro varaqasi chiqqaniga ham 1 yildan oshgan bo‘lsada, MIB hokimiyatdan tadbirkorning xizmat haqqini undirib berishning imkonini qila olgani yo‘q.

Mazkur masalada Chilonzor tumani hokimiyatidan munosabat so‘radik. Tuman hokimligi huquqshunosining ma’lum qilishicha, ushbu qarzni qoplash uchun roppa-rosa 1 yil oldin Toshkent shahar hokimidan ruxsat so‘ralgan. Ammo, hali-hanuz javob yetib kelmagan.

Chilonzor tumani hokimiyati taqdim etgan faktga ko‘ra, 2023 yilning 28 avgust kuni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov nomiga 3 060 011 820 so‘m mablag‘ni “Ultra Farm” MCHJga to‘lash uchun yordam tariqasida ruxsat so‘ralgan 1-4/01-606 -sonli maxsus xat ham yuborilgan. 

Chilonzor tumani hokimligi taqdim etgan xatga tayangan holda Toshkent shahar hokimligidan tadbirkorning xizmat haqqini to‘lashga nega ruxsat berilmayotganining sababini so‘radik. 

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining bergan javobiga ko‘ra, bir yil oldin Chilonzor tumanidan chiqarilgan xatgashahar hokimligi javob qaytargan ekan. Ammo javob xatini bizga taqdim qila olmadi.

Fakt shuki, Chilonzor tumani hokimligi tadbirkorning 3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ini to‘lashga Shavkat Umurzakovdan bir yil oldin ruxsat so‘ragan. Shahar hokimligi taqdim etgan 01-3/1803 -sonli hujjatga ko‘ra, Toshkent shahar Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi tomonidan mazkur masala bo‘yicha 2023 yil 18 sentyabr kuni shahar hokimi nomiga bildirgi yozilgan.

“... ushbu qarzdorlikni so‘ndirish uchun talab etiladigan mablag‘ni tuman mahalliy byudjetining qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiqligini bildiradi”, – deyiladi Toshkent shahar Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi javobida.

Biroq, Toshkent shahar hokimligi tomonidan Chilonzor tumani hokimligiga yozilgan asosiy javob xati topilmadi.

Bir tadbirkorning kelajakdagi taqdirini hal qiladigan 3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ o‘z egasiga nega berilmayotgani, kattagina summa yozilgan rasmiy xat qayerga yo‘qolgani bo‘yicha shahar hokimligi tomonidan biror javob berilmadi.

Qisqasi, “kalavaning uchi” Toshkent shahar hokimligiga borib yo‘qolib qolmoqda.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: tadbirkor belgilangan vazifani belgilangan vaqtda bajarsayu uning haqini ololmasa. Bu qaysi qonunlarga to‘g‘ri keladi? Qolaversa sudga murojjat qilib ham  mehnatining haqini ololmasa? Eng achinarlisi, o‘sha otangga bor, onangga bor zaylida ish ko‘rayotgan hokimlar “bechora” qolgan tadbirkor orqasida o‘nlab oilalar, yuzlab insonlar borligini nahotki o‘ylab ham ko‘rishmasa? Ikki yil davomida sarson bo‘layotgan tadbirkor-chi?  Balkim uning ham kreditlari bordir? Ishchilarning oylik maoshi va hokazolarga kim javob beradi?

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/MUvKw1aR3ao?si=g1MaNNZAzGlXZksC" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Sherali Otaboyev, O‘zA