Farg‘onada tadbirkor faoliyatini noqonuniy tekshirgan Farg‘ona tuman Kadastr agentligi xodimi ma’muriy jarimaga tortildi.
Ma’lumki, tadbirkorlik sub’ekti faoliyati yuzasidan o‘tkaziladigan noqonuniy tekshirish yoki tekshirishda belgilangan qat’iy talablarga amal qilmaslik holatlari tadbirkor intilishlarini so‘ndirishi bilan birga hududdagi ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Vakil devoni xodimlari tomonidan joriy yilning shu kuniga qadar Kadastr agentligining 31 ta xodimiga nisbatan noqonuniy tekshirish, tekshirish tartibini buzish bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sudlarga yuborilgan.
Shuningdek, Kadastr agentligi xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkazilgan noqonuniy tekshirishlardan o‘zlariga tegishli xulosa chiqarmasdan kelinayotganligi aniqlandi.
Xususan, 2020 yil 02 fevral kuni Farg‘ona tumanida faoliyat yuritib kelayotgan «Oxak Sifat Sanoat Qurilish» MCHJda Farg‘ona tuman kadastr agentligining yetakchi mutaxassissi U.Nishonov tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
“Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonining 5-bandiga ko‘ra 2018 yil 1 sentyabrdan nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinishi shart deb belgilangan.
Mazkur farmonga ko‘ra, tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanishi belgilangan bo‘lsada, Kadastr agentligining Farg‘ona tuman bo‘limi yetakchi mutaxassissi U.Nishonov tomonidan tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimga kiritmasdan tadbirkor faoliyatini noqonuniy tekshirgan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Vakil devoni xodimlari tomonidan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 2412-moddasiga asosan U.Nishonovga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudga taqdim qilindi.
Rishton tumani ma’muriy sudi tomonidan U.Nishonov tadbirkorlik sub’ektida o‘tkazilgan tekshirishda sodir etilgan huquqbuzarlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 2020 yil 02 dekabrda jarima jazosi tayinlandi.
Farhod Ahmedov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi vakil devoni yetakchi inspektori