Barcha tashkilot va muassasalarda, jamoalarda Bosh qomusimizning 33 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar, davra suhbati va muloqotlar tashkil etilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tomonidan “Konstitutsiya – xususiy mulk himoyasi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va sanoat taraqqiyotining asosiy huquqiy kafolati” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etgan tadbirda Konstitutsiyamizda belgilangan mulk daxlsizligi, ishbilarmonlik muhitini ta’minlash borasidagi normalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada milliy iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan normalar o‘z aksini topgan.

Xususan, Asosiy qonunimizning 67-moddasida davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlashi, tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Qayd etilganidek, Konstitutsiyamizda mustahkamlangan xususiy mulk daxlsizligi, tadbirkorlik erkinligi, iqtisodiy taraqqiyot asoslarining amaliy ijrosi aholi farovonligi, hududlar rivojini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Davra suhbatida tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish, mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash, raqobatni rivojlantirish hamda sanoatning barqaror o‘sishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va mavjud muammolar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Shuningdek, xususiy mulk huquqining kafolatlari, tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilayotgan huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy sharoitlarni kengaytirish, ishlab chiqarish va logistika infratuzilmasi imkoniyatlarini yaxshilash, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muhokamalarda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonidagi ortiqcha tartib-taomillarni yanada soddalashtirish va biznes uchun baraqaror va qulay muhit yaratish borasidagi ishlarni jadallashtirish, tadbirkorlikni qonuniy asosda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish va raqobat muhiti yaxshilash zarurligi qayd etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA