«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ tomonidan 2025-yil davomida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida biznes egalarining 30,8 mingta loyihasiga 3,9 trillion so‘m miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatdi. Bu esa avvalgi yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 2 barobar ko‘p.
Ko‘rsatilgan xizmatlar natijasida mamlakatda 35,7 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu shunchaki raqam emas, balki qariyb 35 ming oilaning iqtisodiy holati kun sayin yaxshilanib borayotganidan dalolatdir.
Tadbirkorlar bilan o‘zaro samarali hamkorlik natijasida kompaniya tomonidan 511 ta loyiha uchun ajratilgan 1,1 trillion so‘m kreditga 343 mlrd. so‘mlik kafillik, 123 ta loyiha doirasida 105 mlrd. so‘mlik kompensatsiya, 2 ta loyihaga 8 milliard so‘m ulush, 50 ta loyihaga 227 milliard so‘m xizmatlar ipotekasi, garovsiz kredit taqdim etish uchun 29 883 ta loyiha 2,8 trillion so‘m miqdorida qayta moliyalashtirildi hamda garov ta’minoti sifatida qoldirildi.
Bozor stavkasidan past stavkada kredit ajratish maqsadida 311 ta loyihaga 360 milliard so‘m imtiyozli resurs ajratish xizmatlari taqdim etildi.
Kompaniya tomonidan ko‘rsatilgan yordamlarni sohalar kesimida tahlil qilinsa, 2,4 trillion so‘mi xizmat ko‘rsatishga, 796 milliard so‘mi sanoatga va 641 milliard so‘mi esa qishloq xo‘jaligi sohalariga to‘g‘ri kelishini ko‘rish mumkin.
Hisobot davrida Kompaniya moliyaviy ko‘magidan Farg‘ona (392 mlrd. so‘m), Surxondaryo (373 mlrd. so‘m), Qashqadaryo (342 mlrd. so‘m) va Namangan (337 mlrd. so‘m) viloyatlaridagi tadbirkorlar eng ko‘p foydalangan.
Jumladan, Surxondaryo viloyatidagi «OLIS OSMON» korxonasi Kompaniyaning ulush kiritish xizmatidan foydalanib, ishlab chiqarish jarayoniga yangi yo‘nalish qo‘shishga erishdi. Ushbu loyihadan maqsad — quyosh panellaridan elektr energiyasi ishlab chiqarish. Bunda avvalo, ichki ehtiyojlarini qoplab, ortiqcha qismini tarmoqqa uzatish ko‘zda tutilgan. Kompaniya loyihaga xorijdan quyosh panellari xarid qilish uchun jami 5 mlrd. so‘m miqdorida ulush kiritdi. Buning natijasida, yiliga 3,3 mln. kVt/soat yashil energiya ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi «STATURA» korxonasi ham Kompaniya xizmatidan foydalanib, biznesini yangi bosqichga olib chiqishga erishdi. Korxonaning isitish qozonlari ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish uchun press-qoliplar va metal kesish uchun lazer uskunalar xarid qilishga ehtiyoji bor edi. Loyiha uchun Kompaniya resurslari hisobidan 4,5 mlrd. so‘m miqdorida kredit ajratildi.
Bundan tashqari, Xorazm viloyatidagi “ARTATEX” korxonasi ham Kompaniya Xizmatlar ipotekasi yordamidan foydalanib, xorijdan trikotaj mahsulotlari uchun uskunalar olib keldi. Birinchi bosqichda, korxona Turkiyadan 204 500 AQSH dollariga teng futbolkalarga gul bosish uskunasini bir oy muddatda olib kelishga muvaffaq bo‘ldi va qo‘shimcha 20 ta yangi ish o‘rni yaratdi. Ikkinchi bosqichda, Xitoydan 74 ta zamonaviy tikuv mashinasi olib kelindi va buning natijasida yana 80 ta yangi ishni o‘rni yaratishga erishildi. Uchinchi bosqichda esa avtomatlashtirilgan bichuv dastgohi xarid qilindi va ishlab chiqarish unumdorligi ikki baravarga oshdi. Bu korxona uchun ish vaqti hamda ortiqcha sarf-xarajatlarni tejash imkonini berdi.
Moliyaviy yordamlar natijasida jami 2,4 trln. so‘mdan ortiq kreditlar kafillik va kompensatsiya xizmatlari orqali qo‘llab-quvvatlandi.
Tadbirkorlarning ixtiyorida aylanma mablag‘larni shakllantirish va faoliyatini kengaytirish uchun 105 milliard so‘m qoldirilib, ularning barqaror rivojlanishiga zamin yaratildi.
O‘tgan davr mobaynida tadbirkorlarning 706 ta yashil iqtisodiyot loyihasi uchun 170 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bu ekologik toza, barqaror ishlab chiqarishni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Quvonarlisi, Kompaniya xizmatlari nafaqat viloyat markazlariga, balki eng chekka hududlargacha yetib bormoqda. Jumladan, o‘tgan davrda 7 355 ta olis hududdagi loyiha qo‘llab-quvvatlanib, ularga jami 813 milliard so‘m, 37 «og‘ir» tumanlar hududidagi 4 047 ta loyiha uchun 437 milliard so‘m, chegara hududlardagi 5 856 ta loyiha uchun esa 721 mlrd. so‘m miqdorida moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, jadal rivojlantiriladigan hududlardagi 2 911 ta loyiha uchun 360 mlrd. so‘m, «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi» 33 ta tuman va shaharlardagi 5 169 ta loyiha uchun 599 mlrd. so‘m mablag‘lar ajratildi.
Kompaniya xizmatlaridan foydalanayotgan ayol tadbirkorlar soni 10 ming nafardan oshdi. Ularga umumiy 1 trln. so‘mdan ziyod moliyaviy xizmatlar ko‘rsatildi.
Ushbu ko‘rsatkichlar «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJning mamlakatda biznes muhitidagi o‘rni muhim ahamiyatga egaligidan ham dalolat bermoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA