English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlikni rivojlantirish – islohatlarning muhim yo‘nalishi
16:17 / 2025-11-06

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi “Yangi hayot” kichik sanoat zonasida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda ishbilarmonlar faoliyatida uchrayotgan muammolarni o‘rganish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash masalalari muhokama qilindi.

Mazkur muloqot Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan, viloyat soliq boshqarmasi hamda Savdo-sanoat palatasining viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi. Uchrashuvda viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Kamoljon Xalikov, mutasaddi idora va tashkilotlar mas’ullari, shuningdek, kichik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirok etishdi.

–  Tadbirkorlikni rivojlantirish — bu nafaqat iqtisodiy, balki huquqiy islohotlarning ham muhim yo‘nalishidir,  –  dedi Kamoljon Xalikov.  –  Adliya organlari vazifasi faqatgina nazorat bilan cheklanmaydi, balki tadbirkorlarga huquqiy maslahat berish, ular faoliyatida qonunchilik asoslarini mustahkamlash, har bir murojaatni amaldagi yechimga aylantirishdir. Bugungi muloqotning asosiy maqsadi ham — tadbirkorlar bilan yuzma-yuz suhbat orqali aniq muammolarni o‘rganib, ularni joyida hal etishdan iborat.

Muloqot davomida tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yaratilgan imtiyozlardan samarali foydalanish, davlat organlari bilan ochiq muloqot, shuningdek intellektual mulk, patent olish va brend yaratish jarayonlariga doir mavjud qonunchilikdagi yangiliklar batafsil tushuntirildi.

–  Bu kabi ochiq muloqotlar biz uchun juda muhim,  –  deydi “Yangi hayot” kichik sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan biri.  –  Ayrim masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mas’ullar bilan muhokama qilish orqali yechim topish ancha osonlashadi.

Muloqot davomida tadbirkorlar o‘z faoliyatlarida uchrayotgan muammolar haqida so‘z yuritishdi, aniq taklif va tashabbuslarini ilgari surishdi. Mas’ullar tomonidan murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi, ayrim masalalarni joyida hal etish choralari ko‘rildi.

Uchrashuv yakunida viloyat adliya boshqarmasi hamda hamkor idoralar vakillari sanoat zonasidagi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Infratuzilma, yer ajratish, kommunikatsiya va ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

–  Biz har bir tadbirkorning  tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz, –  dedi Kamoljon Xalikov muloqot yakunida.  –  Eng muhimi, qonun ustuvorligi ta’minlansa, tadbirkorning ishonchi ortib, iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi. Shu bois, adliya tizimi uchun tadbirkorlar bilan hamjihatlikda ishlash — doimiy vazifadir.

Muloqot yakunida tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, huquqiy madaniyatni oshirish hamda “davlat – tadbirkor – jamiyat” hamkorligini kuchaytirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri