O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 12 avgustdagi “Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulay shart-sharoit yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyatining Zomin va Zarbdor tumanlarida keng qamrovli o‘quv-amaliy hamda targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
Zomin tumanida o‘tkazilgan uchrashuvlarda tuman soliq inspeksiyasi va Savdo-sanoat palatasi tuman bo‘limi mas’ullari ishtirok etib, davlat rahbari tomonidan qabul qilingan mazkur qarorning mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga atroflicha tushuntirib berishdi.

Uchrashuvlar davomida hujjatda nazarda tutilgan yangi tartib-taomillar, ularning amaliyotdagi ahamiyati hamda tadbirkorlik faoliyatiga yaratilayotgan yengilliklar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Xususan, 1 foizli yagona soliq ma’muriyat ning yangilangan mexanizmlari, elektron hamyonlar va raqamli platformalardan foydalanish imkoniyatlari, shuningdek, QR-kod orqali to‘lovlarni amalga oshirishning qulay va xavfsiz jihatlari sodda va tushunarli misollar orqali izohlandi. Bu esa tadbirkorlarning yangi tizimlarga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ularni amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etishga xizmat qildi.

Shu bilan birga, amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tadbirkorlarga Paynet ilovasidagi “Xolis” xizmati o‘rnatilishi va to‘g‘ri sozlanishi bo‘yicha individual ko‘maklar ko‘rsatildi. Mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarning savollariga aniq va batafsil javoblar berilib, raqamli xizmatlardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.

Shu kabi targ‘ibot tadbirlari Zarbdor tumanida ham tashkil etildi. Savdo-sanoat palatasi Zarbdor tumani bo‘limi xodimlari hamda tuman soliq inspeksiyasi mutasaddilari hamkorligida dehqon bozorida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda Prezidentning 2025 yil 12 avgustdagi qarorining mazmun-mohiyati, shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan joriy etiladigan maxsus huquqiy rejim — Paynet ilovasidagi “Xolis” xizmati haqida batafsil ma’lumot berildi. Tadbirkorlarga mazkur platformaning qulayliklari, unda ro‘yxatdan o‘tish tartibi hamda onlayn xizmatlarining afzalliklari tushuntirildi.

Ta’kidlash joizki, bunday o‘quv-amaliy va targ‘ibot tadbirlari Jizzax viloyatining boshqa tumanlarida ham tasdiqlangan grafik asosida izchil davom ettirilmoqda. Ular Prezident qarorining ijrosini joylarda to‘liq ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yanada shaffof, qulay va raqamlashtirilgan asosda tashkil etishga xizmat qilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat) O‘zA muxbirlari