Sayxunobod tuman Xotin-qizlar bo‘limi hamda Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish va zamonaviy biznes yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida besh kunlik o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminar doirasida ishtirokchilarga tadbirkorlik asoslari, biznes reja tuzish usullari, moliya institutlari tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, “Biznesga birinchi qadam” va “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturlarining mazmuni va ulardan samarali foydalanish imkoniyatlari keng yoritildi.

Amaliy mashg‘ulotlar jarayonida esa ishtirokchilar chorvachilik, tikuvchilik, gulchilik, ip-kalava ishlab chiqarish va issiqxona xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan mahalliy tadbirkorlar bilan yaqindan tanishdilar. Ular tadbirkorlar faoliyatini kuzatib, tajriba almashish, savol-javob va muloqotlar orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini boyitish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

— Ushbu o‘quv va amaliy seminar ishsiz, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish niyatida bo‘lgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka qiziqtirish, ularda zamonaviy biznes yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish, shu orqali tuman iqtisodiy salohiyatini oshirishga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etildi, — deydi tuman Savdo-sanoat palatasi bo‘limi rahbari Shoira Shamatova.

Seminar mashg‘ulotlarini Sirdaryo viloyati Tadbirkorlar assotsiatsiyasi rahbari B. Usmanova, shuningdek, o‘z faoliyati orqali tuman iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan tajribali tadbirkorlar olib bordi. Ular ishtirokchilarga o‘z tajribasi, yutuqlari va biznes yuritishda duch keladigan muammolarni hal etish bo‘yicha amaliy maslahatlarini taqdim etishdi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi. Eng faol qatnashchilar esa esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur tadbir Sayxunobod tumanida xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan muhim amaliy qadamlardan biri bo‘lib, kelgusida bu kabi o‘quv dasturlarini viloyatning boshqa tumanlarida ham amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri