French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlik – yurt ravnaqi
16:47 / 2015-02-12

Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortishi, eng muhimi, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortishi, eng muhimi, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2009-yil 15-mayda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi “Marfa-Sherzod” mas’uliyati cheklangan jamiyatida gilam to‘qish va tikuvchilik korxonalari chiqindilarini qayta ishlash natijasida sun’iy kigiz hamda vatin tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

– Yurtimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, xorijdan 137 ming dollarlik zamonaviy texnologiya keltirdik va shu ishni boshlab yubordik, – deydi “Marfa-Sherzod” MChJ rahbari A.Otajonov. – Mahsulotlarimizga talab kun sayin ortib bormoqda. Shu bois yana bir loyiha ustida ishlayapmiz. U amalga oshirilishi bilan yana besh kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etib, xaridorbop, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Amudaryolik tadbirkor M.Abdullayev rahbarlik qilayotgan “Maxsud o‘g‘li Rahmatjon” mas’uliyati cheklangan jamiyatida zamonaviy tomyopgich – profnastil ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

– Bu material yengilligi, chidamliligi va rang-barangligi bilan xaridorlar e’tiborini tortmoqda, – deydi tadbirkor M.Abdullayev. – U binolarga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlaydi. Mahsulotimizga namunaviy loyihalar asosida qishloq joylarda turar joylar barpo etish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar ko‘proq buyurtma bermoqda.

Bankning 60 million so‘mlik imtiyozli krediti evaziga amalga oshirilgan mazkur loyihaga ko‘ra, olti nafar yosh ish bilan ta’minlandi.