Markaziy bankda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi a’zolari tomonidan yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalarning inson hayotidagi o‘rni va ularning ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Xususan, Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga yetib, normalari 275 tadan 434 taga oshgani, ya’ni Asosiy Qonunimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilangani, jumladan, «Inson – jamiyat – davlat» tamoyili asosida inson huquqlari borasidagi normalar 3,5 barobarga, davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar 3 barobarga ko‘paygani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, Bosh Qomusimizda raqobatbardosh milliy iqtisodiyot, xususiy tadbirkorlik va mulk huquqi kafolatlari mustahkamlanayotgani alohida qayd etildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan bank tizimiga oid moddalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, ushbu targ‘ibot tadbirida Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari, tasarrufidagi tashkilotlari xodimlari videokonferens-aloqa orqali ishtirok etdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
O‘zA