Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlik subyektlarining o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyati kengaytirildi
18:23 / 2024-02-29

2024-yil 21-fevralda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan amaldagi bir qator qonun hujjatlariga tadbirkorlik subyektlariga yengilliklar yaratishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritildi.

Bu o‘zgartishlar nimalardan iborat? Ushbu savolga Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva javob berdi: 

– Qonun bilan tadbirkorlik subyektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida e’lon berish tartibi bekor qilindi. 

Soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi berildi. 

Qonunga muvofiq, Soliq kodeksi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”, “Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi. 

Xususan, Soliq kodeksida sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlar ustidan to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilish mumkinligi belgilandi. 

Soliq kodeksiga mazkur o‘zgartirish kiritilishi natijasida tadbirkorlik subyektlarining o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyati kengaytirildi. 

Shuningdek, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi hamda “Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga tadbirkorlik subyektlarining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda bu haqida kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida e’lon berish majburiyatlarini bekor qilish bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritildi. 

Ushbu o‘zgartirishlar kiritilishi natijasida yuridik shaxslarning ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirishdagi byurokratik tartiblar bekor qilinishiga hamda tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha xarajatlarning oldi olinishiga erishiladi. 

N.Abduraimova, O‘zA