Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlik sub’ektlarining sud orqali himoyalanishini cheklovchi normalar bekor qilinadi
09:34 / 2023-09-06

Adliya vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Shu asosda qonunchilikda qanday yangiliklar joriy etiladi? Bu savolga adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov javob berdi:  

– Qonun bilan amaldagi bir kodeks va uchta qonunga tadbirkorlik sub’ektlari o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatini cheklovchi normalarni bekor qilish hamda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishdagi ayrim majburiy talablarni qisqartirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.  

Bular – Soliq kodeksi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi va “Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida”gi qonunlardir.  

Soliq kodeksida soliq to‘lovchilar sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilishi mumkinligi belgilanmoqda.  

Amaldagi tartibga ko‘ra, sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror ustidan yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilingandan (shikoyat ko‘rib chiqilganidan) keyin sudga murojaat qilish mumkin.  

Endilikda, agar qonun amaliyotga joriy etilsa,  tadbirkorlik sub’ektlari o‘z huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sud orqali himoya qilishi yoki ma’qul deb hisoblasa, yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilishi mumkin bo‘ladi.  

Shuningdek, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida” hamda “Xo‘jalik shirkatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish kiritilib, tadbirkorlik sub’ektlarining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqda e’lon berish majburiyatlarini bekor qilish nazarda tutilmoqda.  

Ayni paytda qonun loyihasi parlament quyi palatasida qabul qilindi. Qonunchilikka yuqorida nazarda tutilgan yangi  o‘zgartirishlar kiritilishi natijasida yuridik shaxslarning ustav fondi (ustav kapitali)ni shakllantirishdagi byurokratik tartiblar bekor qilinishiga hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun ortiqcha xarajatlarning oldi olinishiga erishiladi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA