Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda
19:16 / 2022-10-26

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 13 sentyabrda qabul qilingan «Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lishi bilan birga tadbirkorlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishning kafolati bo‘ldi.

Farmonga muvofiq, nazorat qiluvchi organlar tomonidan 2022 yil 1 noyabrdan boshlab, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida ro‘yxatga olinishi qat’iy bo‘lib, mazkur tizimda ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanishi belgilandi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda «Yagona davlat nazorati» axborot tizimiga kiritiladi.

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, nazorat qiluvchi organlar, «Xavfni tahlil etish» tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik sub’ektini xabardor qiladi. Tadbirkorlik sub’ektining ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va ob’ekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazishga va tadbirkorlik sub’ekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emasligi belgilandi.

Shu bilan birga, Tadbirkorlik sub’ektlari uchun profilaktika tadbirlarini Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan reja-grafiklar asosida tadbirkorlik sub’ektlari moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda seminarlar, ommaviy muhokamalar, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, «ochiq eshiklar kuni» tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, tarqatma material va qo‘llanmalar bilan ta’minlash, tavsiya va xabarlar yuborish shakllarida amalga oshirishi qayd qilindi.

Mazkur farmonning alohida e’tiborli jihati, tadbirkorlarga tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganda, tekshiruv belgilangan tartibda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilmaganda yoki u xabardor etilmaganda, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud bo‘lmaganida, tekshiruvchilar "Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi"ga ma’lumotlarni kiritishdan bosh tortganida, tadbirkorlik sub’ektlari nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslarini tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslik huquqiga ega ekanligi belgilandi.

bugungi kunda Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan ushbu Farmon tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bilan birgalikda ularning xo‘jalik va moliyaviy faoliyatiga noqonuniy aralashishning ham oldini oladi. Bu esa iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishning asosiy omili sifatida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yo‘lidagi ma’muriy g‘ov va sun’iy to‘siqlarni bartaraf etib, ularining huquqiy himoyasini yanada kuchaytiradi.

Farhod Ahmedov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

huzuridagi Biznes-Ombudsman devoni

mas’ul xodimi