Tadbirkorlar nafaqat o‘z faoliyatini yaxshi bilishi, balki mahsulotini eksportga yo‘nalishtirish borasida ham yaxshi ko‘nikmaga ega bo‘lishi kerak.
«Ready4Trade Central Asia» loyihasi aynan shu masalada eksportchilar uchun bepul o‘quv kurslarini tashkil etadi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tashkil etilgan tadbir kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari uchun ishlab chiqilgan o‘quv dasturining taqdimotiga bag‘ishlandi.
Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi dasturlari menejeri Elbek Xo‘jayev va boshqalar eksportchilar uchun tashkil etiladigan kurslar mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Ta’kidlash kerakki, ushbu o‘quv dasturi bo‘yicha xalqaro savdo qoidalaridan tortib eksport tartib-qoidalari, tranzit yo‘llari, sifat va muvofiqlik standartlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bozorining o‘ziga xos talablari haqida bilim beriladi. Dastur kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda mahsulotlarni mintaqaviy va xalqaro miqyosda eksport qilish bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘zida qamrab olgan.
O‘quv dasturini Jahon savdo tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining qo‘shma agentligi bo‘lgan Xalqaro savdo markazi ishlab chiqqan. Mazkur tashabbus Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan va Xalqaro savdo markazi tomonidan milliy sheriklar bilan amalga oshirilayotgan «Ready4Trade Central Asia» to‘rt yillik loyihaning bir qismidir.
– Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik, kichik-biznesni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Biznes boshqaruvi va logistika kafedrasi mudiri Ubaydulla G‘afurov. – Joriy yilning 22 avgust kuni Prezidentimiz tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. 20 avgust – Mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilindi. Shu nuqtai nazardan, bugungi tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan va Xalqaro savdo markazi (ITC) tomonidan amalga oshirilayotgan «Ready4Trade Central Asia» loyihasi asosida mamlakatimiz tadbirkorlari, ayniqsa, kichik-biznes sub’ektlari vakillarini bilim va tajribasini oshirishga yo‘l ochish borasidagi muhim qadamdir. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari uchun dastur ishlab chiqilgan. Bugun mahalliy va xorijlik mutaxassislar, tadbirkorlar ishtirokida o‘quv dasturining taqdimoti o‘tkazildi. O‘quv kurslari Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan ham onlayn, ham oflayn shakllarda amalga oshiriladi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi dasturlari menejeri Elbek Xo‘jayevning ta’kidlashicha, transchegaraviy savdo bo‘yicha o‘quv dasturi kuchli biznes muhitini taqdim eta oladigan imkoniyatlar va shart-sharoitlarni yaratish hamda sof foyda olishga oid bilim va xabardorlikni oshirishga qaratilgan.
– Aytish joizki, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning ishonchli hamkori. Ular o‘rtasidagi ko‘p yillik ishonchli aloqalar deyarli barcha sohalarda o‘rnatilgan. Taqdim etilayotgan dasturga keladigan bo‘lsak, bu tarzda bilim va tajriba tadbirkorlarning, ayniqsa, o‘zbekistonlik ayol eksportchilarning hayotini o‘zgartirib yuborishiga ishonamiz. Xalqaro savdo markazi savdo yo‘llarini qayta shakllantirish, samarali va yo‘naltirilgan ta’limni yaratish maqsadida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda, – dedi E.Xo‘jayev.
Xalqaro savdo markazi menejeri Shon Leyk ushbu kurslar, ularning aniq muammoga yo‘naltirilgan yondashuvi tufayli ishtirokchilarga haqiqatan ham eksportga tayyorlanishiga yordam berishi ta’kidladi.
– Bizning metodologiyamiz onlayn ta’lim uchun ham, seminarlar uchun ham sinovdan o‘tkazildi, tekshirildi. Instruktorlar va ishtirokchilardan ko‘plab ijobiy fikr-mulohazalar olindi. O‘quv dasturi O‘zbekiston korxonalariga amaliy mashg‘ulotlar va hayotiy real misollar orqali o‘z mahsulotlarini mintaqaviy va xalqaro miqyosda eksport qilishga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishga yordam berishi kutilmoqda, – dedi Sh.Leyk.
Nasiba ZIYODULLAEVA,
O‘zA muxbiri