Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlik sub’ektlari qo‘llab-quvvatlanmoqda
16:05 / 2023-02-08

So‘nggi yillarda jamiyatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirishga qaratilgan bir qator qonunlar, qarorlar va farmonlar qabul qilindi.

Jumladan, 2023 yil 3 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.  

Mazkur qarorga muvofiq, havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va faoliyatini qayta tiklash maqsadida tadbirkorlik sub’ektlarining 2023 yil 1 yanvarga nisbatan 1 fevral holatiga oshgan (hosil bo‘lgan) soliq qarzini 2023 yil 1 martdan 1 iyulga qadar foizsiz, qo‘shimcha shartlar qo‘ymasdan va ta’minot talab etmasdan teng ulushlarda bo‘lib to‘lashga ruxsat berildi hamda havo haroratining keskin sovib ketishi davrida to‘liq quvvatda ishlay olmagan soliq to‘lovchilarning yanvar oyi yakuni bo‘yicha hosil bo‘lgan soliq qarzini bo‘lib to‘lash imkoniyati ham berildi.  

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining soliq qarziga penya hisoblash 2023 yil 1 aprelga qadar, Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga jarimalar qo‘llanilishi, shuningdek, mazkur qaror kuchga kirguniga qadar qo‘llanilgan jarimalar undirilishi 2023 yil 1 aprelga qadar to‘xtatildi.  

Tadbirkorlik sub’ektlariga 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar-fevral oylarida davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarini 2023 yil 1 martdan boshlab 1 iyulga qadar teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berildi.  

Davlat mulkidan foydalanish yuzasidan 2022 yildan buyon amalda bo‘lgan ijara shartnomalari bo‘yicha ijara to‘lovlari miqdori 2023 yil 1 aprelga qadar o‘zgarishsiz qoldirildi.  

Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan davlat aktivlari bo‘yicha 2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar oylarida to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar, shu jumladan, dastlabki to‘lov to‘lanmaganligi uchun foizlar va penyalar hisoblash 2023 yil 1 aprelga qadar to‘xtatib turilishi belgilandi.  

2022 yil dekabr va 2023 yil yanvar oylarida davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalar shartlari havo haroratining keskin sovib ketishi tufayli bajarilmaganligi uchun tadbirkorlik sub’ektlariga davlat buyurtmachilari (shu jumladan, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalar) tomonidan jarima va penyalar qo‘llanmasligi belgilandi.  

Shuningdek, havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan 2023 yil 1 aprelga qadar davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosi to‘xtatib turilishi belgilandi.  

Mazkur qarorga ko‘ra, qish mavsumida havo haroratining keskin sovib ketishi tufayli talafot ko‘rgan tadbirkorlik sub’ektlarining — kreditlari bo‘yicha 2023 yil yanvar - mart oylari uchun to‘lovlar muddatini 2023 yil 1 iyunga qadar uzaytirish; muddati o‘tgan kreditlariga jarima sanksiyalari va garov ta’minoti bo‘yicha 2023 yil 1 aprelga qadar undiruv choralarini qo‘llamaslik; faoliyati uzluksizligini ta’minlashga, shu jumladan, vaqtinchalik pul oqimlaridagi uzilishlarini qoplash va aylanma mablag‘larini to‘ldirishga yo‘naltirilgan qisqa muddatli (revolver) kredit mahsulotlarini oldindan ma’qullangan (modul) qarorlar asosida taklif etish; nosoz holga kelgan asosiy vositalarni ta’mirlash uchun kreditlar ajratish; kredit byurolarida kreditlar bo‘yicha to‘lov muddatining uzaytirilishini ularning kredit tarixi va skoring ko‘rsatkichlarini tekshirishda inobatga olmaslik bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishi belgilandi.  

Bunda muddati uzaytirilayotgan kreditlar sifati yomonroq tasniflanmaydi hamda ushbu kreditlar bo‘yicha qo‘shimcha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralar shakllantirish talab etilmaydi.  

Asosiy maqsad jamiyatimizda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va faoliyatini jadal qayta tiklash, shuningdek tadbirkorlarning iqtisodiyotni rivojlantirishdagi rolini yanada oshirishdan iboratdir.  

Mavludaxon Ummatova,  

Farg‘ona viloyat sudining  

iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudyasi