Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Soliq qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova sohaga tegishli ma’lumotlarni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, 2023 yilning birinchi yarim yilligida yuz mingga yaqin tadbirkorlik sub’ekti ro‘yxatdan o‘tgan. Faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar soni 569 mingdan, yakka tartibdagi tadbirkorlar soni esa 242 mingdan oshdi. O‘zini o‘zi ish bilan band qilgan fuqarolar safi 688 mingtaga ko‘payib, jami 1 million 600 mingga yetdi. Shuningdek, 285 mingta yashirin ish o‘rni legalizatsiya qilindi.
2 ming 144 ta sub’ektning tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorliklariga qo‘llanilgan 1,7 trillion so‘mlik jarimalari hisobdan chiqarildi. Jismoniy shaxslarning 502 milliard so‘mga yaqin penyasi va yakka tartibdagi tadbirkorning 476 milliard so‘mdan ortiq soliq qarzi, penya hamda jarimalari hisobdan chiqarildi. Tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik yaratildi. Bu soliqlarni to‘lash muddatini o‘zgartirishdir. Ushbu imkoniyatdan mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ekti foydalanib, qariyb 614 milliard so‘mlik soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqiga ega bo‘ldi.
O‘z navbatida, tadbirkorlik sub’ektlarining aylanma mablag‘larini ko‘paytirish maqsadida qariyb 9 trillion so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7 foizga ko‘p qo‘shilgan qiymat solig‘i byudjetdan qoplab berildi. “Avtokameral” tekshiruvdan oldingi tahlil tizimi orqali xato va kamchiliklari ko‘rsatib berilgach, 61 mingta tadbirkorlik sub’ektlari 5,4 trillion so‘mga ixtiyoriy qayta hisobot topshirib, kelgusida bo‘lishi mumkin bo‘lgan tekshirishlardan saqlab qolindi.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga, korxona va tashkilotlarning moliyaviy ahvolini mustahkamlashga qaratilgan choralarga nisbatan ular tomonidan ko‘rsatilgan faollik natijasida Elektron hisobvaraq fakturalar orqali tovar aylanmalari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizga oshib, 721 trillion so‘mdan ortdi.
Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasiga jamoatchilik nazorati tatbiq etilishi natijasida tadbirkorlik sub’ektlarida soliq madaniyati, aholida esa iste’molchilik madaniyati oshib bormoqda. Jumladan, fuqarolarga xarid summasidan 1 foiz qaytarish amaliyoti natijasida olti oy davomida soliq mobil ilovasi orqali 2 millionga yaqin iste’molchiga 579,5 milliard so‘m keshbek to‘lab berildi.
Soliq hamkor tizimi orqali soliq huquqbuzarliklari haqida 68 mingdan ortiq murojaat yo‘llangan. Shundan 39 mingga yaqin murojaat takroriy bo‘lgani sababli qaytarilgan va tekshiruv o‘tkazilmagan. O‘tkazilgan soliq tekshiruvlarida tasdiqlangan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha fuqarolarga 13,5 milliard so‘m mukofot to‘langan.
Onlayn nazorat-kassa texnikalaridan foydalanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari soni 175 mingdan ortib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7 foizga oshgan. Noqonuniy savdoning oldini olish tadbirlari natijasida umumiy qiymati 1,2 milliard so‘mga teng aksiz markasiz, eski va qalbaki aksiz markali, tegishli hujjatlarsiz hamda markirovkalanmagan alkogol va tamaki mahsulotlari savdosiga chek qo‘yilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA