Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida sababsiz tekshiruv o‘tkazish mumkinmi? 
17:01 / 2024-06-13

Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashib, bo‘lar-bo‘lmasga tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish holatlari uchraydi. Aslida bu mumkinmi? Qonunchiligimizda tadbirkorlik faoliyatini tekshirishning ham qonun-qoidalari belgilanganmi?

Bu borada Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakil devoni mas’ul xodimi Dilshod Nasriddinov quyidagilarni ma’lum qildi: 

– Tadbirkorlik faoliyatida tekshiruv o‘tkazishni tashabbus qilishda, dastlab nazorat qiluvchi organ tomonidan tekshiruv o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirkorlik sub’ektining amalda faoliyat ko‘rsatayotgani o‘rganib chiqilishi lozim. 

Kelishiladigan tekshiruvlarda nazorat organi rahbari bir kunlik tekshiruvlar viloyat raxbari darajasida, bir kundan ortig‘i respublika darajasidagi rahbar tomonidan buyurtma va tekshiruv dasturini tasdiqlaydi. 

Ushbu buyurtmaga va dasturga tekshiruv qilishga asos bo‘lgan hujjatlar, o‘rganish ma’lumotnomasi, murojaat anonim emasligi va korxona faoliyat yuritayotgani to‘g‘risida ma’lumot ilova qilinib, tizim orqali Vakilga yuboriladi. Bir kunlik tekshiruvlar Vakil devoni xududiy boshliqlari tomonidan, bir kundan ortiq muddatda o‘tkaziladigan tekshiruvlar devon rahbari tomonidan tekshiruvni kelishish yoki rad etish qarori qabul qilinadi va tizimga yuklanadi. Tekshiruv kelishilgandan so‘ng tekshiruvga maxsus kod ajratiladi. Tekshiruvni rad etish qarori sababi ko‘rsatilgan holda nazorat organiga tizim orqali yuboriladi. Bunda ushbu kamchiliklar bartaraf etilib, qayta buyurtma rasmiylashtirilib tekshiruvga qayta tashabbus qilishga nazorat organi haqli. 

Ayrim tekshiruvlar istisno tariqasida tekshiruvlar boshlangandan so‘ng 24 soat ichida xabardor etiladi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonida belgilab berilgan. 

Nazorat qiluvchi organ tekshiruvni o‘tkazish kelishilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida buyruq (qaror, farmoyish) qabul qiladi hamda bir ish kunida axborot tizimiga kiritadi. 

Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlarni o‘tkazish tashabbusi, ular tomonidan qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlari belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng amalga oshiriladi. Soliq tekshiruvlari, davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasida, shuningdek, qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan murojaatlar va ma’lumotlar asosida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno. 

Huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori tasnifidagi tadbirkorlik sub’ektida profilaktika tadbirlarini o‘tkazmasdan va ularning natijasini kutmasdan quyidagi holatlar doirasida tadbirkorlik sub’ektida tekshiruv o‘tkazish tashabbusi bilan chiqish mumkin. 

Jumladan, inson hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilishining yuqori xavfi mavjud bo‘lganda, jamoat xavfsizligiga zarar yetkazish xavfining oldini olish uchun kechiktirib bo‘lmaydigan holatlar, atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlar aniqlanganda jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarga moddiy zarar yetkazilayotgani holatlari aniqlanganda tekshiruvlar o‘tkazilishini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari mavjud bo‘lganda Nazorat qiluvchi organ «xavfni tahlil etish» tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida o‘n ish kuni oldin tadbirkorlik sub’ektini uning axborot tizimidagi shaxsiy kabineti yoki pochta aloqasi orqali xabardor qilishi shart. Davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno. 

Tadbirkorlik sub’ektini tekshiruv haqida belgilangan tartibda xabardor qilmasdan tekshiruv o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi, davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno. 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA