Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlik sohasiga mutlaqo yangicha muhit kirib kelmoqda
11:59 / 2025-10-28

Yurtimizda tadbirkorlik va ishbilarmonlik sohasiga mutlaqo yangi muhit, yangi nafas va yangicha qarashlar kirib kelyapti.

Shu sababli so‘nggi yillarda mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga, ularning huquqlarini ishonchli himoya qilish va nazorat qiluvchi organlarning mas’uliyatini oshirish sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar natijasida bugun biznesini yo‘lga qo‘yib, o‘zi, oilasi, mahalla, el-yurt farovonligiga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar safi tobora kengaymoqda. 

Joriy yilning 19 avgust kuni davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni davlatimiz tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab–quvvatlash borasida izchil amalga oshirilayotgan siyosatning yana bir yaqqol misoli hisoblanadi. Mazkur farmonga muvofiq, prezidentimizning tadbirkorlar bilan beshinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari belgilab berildi.

Jumladan, 2026 — 2027 yillarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, zarur moliyaviy va infratuzilmaviy sharoitlarni yaratish uchun jami 270 trillion so‘m yo‘naltirilishi, 2026 yil 1 maydan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga kredit ajratish jarayonida ularning to‘lov qobiliyatini baholash uchun xarajatlar, tovar aylanmasi, eksport operatsiyalari kabi davlat organlari va xususiy sektor vakillarining ma’lumotlar bazalarida mavjud ma’lumotlar orqali muqobil skoring qilish tizimi joriy qilinishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda qulayliklar yaratish va turizmni rivojlantirish maqsadida tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga jarimalar qo‘llash va undirishga 2027 yil 1 yanvarga qadar moratoriy e’lon qilindi va moratoriy davrida muddati o‘tgan debitor qarzdorlik holatlari bartaraf etilganda qo‘llanilgan jarimalar bekor qilinadi.

Turizmni rivojlantirish dasturi joriy etilib, unga muvofiq 2026 yildan boshlab joylashtirish vositalarini tashkil qilish uchun kamida 5 ming gektar yer uchastkalari elektron onlayn auksionga chiqariladi. 2026 — 2028 yillarda tijorat banklari tomonidan barcha toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatgacha kreditlar ajratiladi. Har yili sayyohlarning eng ko‘p e’tiborini qozongan va nufuzli xalqaro platformalarda ijobiy e’tirof etilgan joylashtirish vositalarini aniqlash va taqdirlash bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 1 million AQSH dollariga teng tanlov o‘tkaziladi. Kreditlarni ajratishda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kafillik taqdim etish, foizlarni qoplab berish mexanizmlari joriy qilinadi.

Soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish maqsadida 2026 yil 1 yanvardan boshlab aylanmadan olinadigan soliq to‘lovidan ilk marta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘loviga o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari bir yil davomida foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi. Bu vaqt davomida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibini buzganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llanilmaydi.

Soliq majburiyatlarini bajarishning proaktiv tartibi joriy etiladi. Masalan, yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq hisobotlarini shakllantirish vazifasi soliq organlariga o‘tkaziladi va ushbu majburiyat soliq to‘lovchilar uchun bekor qilinadi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining soliq auditi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarni 6 oy ichida teng ulushlarda to‘lash huquqi sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarga ham tatbiq etiladi. 2025 yil 1 avgust holatiga “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” tizimi orqali soliq tekshiruvlariga nomzod sifatida shakllangan 20 mingdan ortiq sub’ektga soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlarini ixtiyoriy bartaraf etish imkoniyati berilgan holda, ushbu ro‘yxat 2025 yil 1 noyabr holatiga qaytadan shakllantiriladi. Bundan tashqari, 2026 yil 1 yanvardan boshlab, sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy hisoblanib, mobil videokameradan foydalanmasdan o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.

Iqtisodiy va ma’muriy sudlarga eksterritorial tartibda murojaat qilish qoidalarining joriy qilinishi sudlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq ishlarni birinchi instansiya sudlarida ko‘rib chiqishda, nizolarini mintaqaga bog‘lamasdan yagona elektron axborot tizimida taqsimlash, da’vogar yoki javobgar joylashgan hududdan kelib chiqib, sudlovga tegishlilikni belgilash amaliyotini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatlarini yaratadi.

Ta’kidlash kerakki, tadbirkorlikka yanada kengroq erkinlik va shart-sharoit yaratish, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, nazorat qiluvchi organlarning nazorat funksiyalarini amalga oshirishda ma’suliyatini oshirish bo‘yicha qonun hujjatlari takomillashtirilayotgan bo‘lsada, o‘rganishlar ayrim idoralar faoliyatida bu borada hanuzgacha kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2025 yilning 9 oyi davomida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarida 10 ming 302 ta tekshiruv o‘tkazilib, 2024 yilning shu davriga solishtirganda tekshiruvlar 2 ming 484 ga ko‘paygan. Tekshirishlarning 6 ming 654 tasi (64,5 foiz) soliq organlari, 1 ming 436 tasi (13,9 foiz) favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, 993 tasi (9,6 foiz) Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda 1 ming 219 tasi (12 foizi) boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshirilgan. Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlarda yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatlari yuzasidan joriy yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, nazorat qiluvchi organning 51 nafar ma’sul xodimiga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilishi ta’minlandi.

Ye.Dosanov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining
huquqlari va qonuniy manfaatlarini
himoya qilish bo‘yicha vakil devonining
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
shu’basi bosh inspektori
O‘zA