Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlik — mamlakat iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishi
15:50 / 2021-08-04

Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida samarali natijalarga erishilmoqda.

Davlatimiz rahbari boshchiligida tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillari faoliyatining huquqiy kafolatiga, chet el investorlarining erkin faoliyat yuritishini ta’minlashga qaratilgan zarur choralar ko‘rilayotir. Tadbirkorlarga bir qancha imkoniyat va imtiyozlarni nazarda tutuvchi, ularni iqtisodiy, huquqiy jihatdan himoyalab, qo‘llab-quvvatlovchi qonunchilik mexanizmlari shakllantirildi va yildan-yilga takomillashtirib borilmoqda. Tadbirkorlik sub’ektlari, shuningdek, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar uchun soliq, bojxona va boshqa sohalarda bir qator qulayliklar va afzalliklar berilmoqda.  

Olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida mamlakat iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan tadbirkorlik faol rivojlanib, taraqqiy etib bormoqda. O‘tgan 2020 yilda kichik biznes sub’ektlariga jami 120 trillion so‘mlik kredit va moliyaviy yordamlar ajratildi. Natijada pandemiyadan zarar ko‘rgan 104 mingdan ortiq korxona faoliyati tiklanib, xususiy korxonalar pul aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 33 foizga o‘sdi.

Respublika bo‘yicha tadbirkorlik sohasida yangi tashkil etilayotgan korxonalar soni ham yildan-yilga ortib bormoqda. Masalan, 2016 yilda 268 ming korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib ular soni 475 mingga yetgan. Birgina 2020 yilning o‘zida respublika hududlari bo‘yicha 95 mingta yangi korxona tashkil etilgan. Joriy yilning birinchi choragida esa 27 mingta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil topgan. Tadbirkorlik uchun ajratilgan kreditlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga o‘sgan.

Koronavirus pandemiyasi ta’sirida yuzaga kelgan global iqtisodiy inqiroz sharoitida eksportchilar va tadbirkorlarda yuzaga kelayotgan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida joriy yildan boshlab 24/7 rejimida uzluksiz faoliyat yurituvchi eksportchilar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash Respublika shtabi tashkil etilgan. Vazirlikning hududiy boshqarmalari huzurida ham eksportchilar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash hududiy shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur shtablar tomonidan tadbirkorlarda tashqi savdo va investitsiya faoliyati barqarorligini ta’minlash bo‘yicha yuzaga kelayotgan masalalarga tezkor yechimlar topish uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, tadbirkorlar “Ochiq muloqot” shtabining “Call-markazi”ga respublika bo‘yicha iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida 10 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning 3 yarim mingga yaqini ijobiy hal etilgan.

Ta’kidlash joizki, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini namoyon etmoqda. Jahon “Biznes yuritish” indeksida O‘zbekiston ko‘rsatkichlari yildan-yilga o‘sib borayotgani buning yorqin dalillaridan biridir. Xususan, davlatimiz 2015 yildagi 141-o‘rindan 2020 yilda 69-o‘ringa ko‘tarildi. Bu esa, o‘z navbatida, aholi farovonligining yuksalishiga, shuningdek, yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagi xorijiy investorlarning qiziqish va intilishlarini oshirishga xizmat qiladi.  

Iqtisodiyotni izchil va barqaror rivojlantirish, aholi hayot darajasini yuksaltirishda tadbirkorlikning o‘rni beqiyos. Shu bois ham tadbirkorlikni tubdan rivojlantirish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalisharidan biri sifatida doimiy e’tiborda bo‘ladi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA