Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlik kodeksi – iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi kafolati
18:02 / 2024-08-17

Keyingi yillardagi mislsiz o‘zgarishlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilishi barcha sohalarda o‘zining ijobiy samarasini berayapti. Eng avvalo, tadbirkor sifatida shuni aytishim mumkinki, birgina iqtisodiyot sohasida o‘tgan qisqa davrda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun iqtisodiyotni tartibga solishning bozor mexanizmlari va instrumentlarini qo‘llash amaliyoti kengaytirildi.

Byudjet va soliq siyosati samaradorligini oshirish maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Soliq solish tizimi soddalashtirilib, ishbilarmonlik va investitsiya faolligini oshirishga yordam beruvchi korxonalar va jismoniy shaxslar uchun soliq yuki kamaytirildi. Bu o‘z navbatida, iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda. 

Kuni kecha Oliy Majlis Senatining 55-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rilib, ma’qullanganligi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi, deyishga to‘liq haqlimiz. Boisi, sohani yanada rivojlantirishda Tadbirkorlik kodeksi haqiqatdan ham muhim. 

Tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, biron bir sohada ish boshlaydigan bo‘lsak, bir nechta qonun hujjatlari bilan tanishib chiqishga to‘g‘ri kelar edi. Ularning hammasi yaxlit Kodeks shakliga solingani, albatta, qulay va tadbirkorlar uchun katta imkoniyat. 

Tadbirkorlik kodeksida 100 dan ortiq qonunchilik hujjati unifikatsiya qilingan bo‘lib, uning asosiy maqsadi tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir. Kodeksda tadbirkorlik faoliyatining asosiy prinsiplari mustahkamlangan: qonuniylik, tadbirkorlik erkinligi, tadbirkorlik sub’ektlari tengligi, halol raqobat, korrupsiyadan xolilik va boshqalar. 

Kodeks bilan tadbirkorlik sub’ektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda. Shu paytgacha faqat kichik tadbirkorlik sub’ekti tushunchasi mavjud edi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlari belgilangan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda. 

Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari belgilanmoqda hamda xalqaro standartlarga muvofiq ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ularni qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilmoqda. 

Kodeksda ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari ro‘yxati va ularni, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning mexanizmlari belgilab berilmoqda. Shu bilan birga, Kodeksda biznes-inkubatorlarning huquqiy maqomi, maqsad va vazifalari belgilanmoqda hamda davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanmoqda. 

Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qilishi alohida e’tiborga molikdir. 

Shuningdek, tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari ko‘zda tutilmoqda. 39 ta davlat organining 147 ta nazorat funksiyasi va Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan 20 turdagi tekshiruvlar ro‘yxatlari mazkur kodeksga ilova sifatida tasdiqlanib, ro‘yxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar Biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Amalga oshirilgan va oshirilayotgan islohotlarga asoslanib shuni aytish mumkinki, shubhasiz, 2030 yilga borib O‘zbekiston jon boshiga hisoblaganda, aholi daromadlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin egallaydi. Shu bilan birga boshqa masalalarda ham yaqin vaqt oralig‘ida xususiy sektor vakillariga yengilliklar, imtiyozlar beriladi, har jihatdan qulayliklar yaratiladi. 

Xususan, byudjet va tashqi qarz barqarorligini ta’minlash, mahalliy byudjetlarning imkoniyatini kengaytirishga e’tibor oshirilib, tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish, hammaga teng bo‘lgan biznes muhiti va zarur infratuzilma yaratish bo‘yicha boshlangan islohotlar qat’iy davom ettiriladi. 

Kelgusida davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish iqtisodiyotni isloh etishning ustuvor vazifalaridan biriga aylanadi. Erkin raqobatga asoslangan bozorni yaratish hisobidan aholi va tadbirkorlar energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlanadi. Bundan buyon yurtimizda faoliyat yuritayotgan ming-minglab tadbirkorlar davlatning e’tiborida bo‘ladi, ular erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib beriladi. 

Ulug‘bek Fayziyev, 

Oliy Majlis Senati a’zosi, “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi ta’sischisi. 

O‘zA