“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondining Sirdaryo viloyat bo‘limida aynan shu mavzuda o‘quv-uslubiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyatdagi shahar va tuman bo‘linmalari hisobchilari, “Mahalla” xayriya jamoat fondining viloyat bo‘limi qoshida yangidan ish faoliyatini boshlagan “Mahalla fond trend” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchi-xizmatchilari va tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar ishtirok etdi.

Ushbu o‘quv-uslubiy seminar Sirdaryoda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yoshlarga va fondning shahar va tuman bo‘linmalari qoshida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga biznes-reja tayyorlash, mahsulot ishlab chiqarish, ishlab chiqarilgan mahsulotlarni raqobatbardoshligini oshirish, ichki va tashqi bozorga mahsulot chiqarish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
Seminarda tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun yaratib berilayotgan qulayliklar, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi va Prezidentimizning tadbirkorlik yo‘nalishiga oid farmon va qarorlarida ko‘rsatib o‘tilgan dolzarb vazifalar, ularning ijrosini ta’minlash mexanizmlari, yangidan ish boshlamoqchi, tadbirkorlik sub’ektini ochmoqchi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga, avvalo ishni nimadan boshlash zarurligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
O‘quv-uslubiy seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
A.Qayumov, F.Toshmatov (surat), O‘zA