Bugungi kunda mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni tadbirkorlikka jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada mahallalarda amalga oshirilayotgan amaliy tashabbuslar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.
Navbahor tumanidagi Ko‘hron mahallasida yashovchi Nisora Shodiyeva ham tashabbuskor ayollardan biri. U o‘zini o‘zi band qilish orqali oilaviy tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
– Mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyanomasi asosida 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, ushbu mablag‘ evaziga zarur jihozlar hamda xomashyo xarid qildim, – deydi N.Shodiyeva. – Hozirda o‘z xonadonimda non mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqdaman. Mahsulotlarimni mahallamiz aholisiga sotib, daromad olmoqdaman. Kelgusida faoliyatimni kengaytirib, turli non va non mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganman. Faoliyatim kengaysa, yangi ish o‘rinlari ham yaratiladi va mahallamizning ishsiz xotin-qizlarini ish bilan ta’minlayman.

Qisqa fursat ichida yo‘lga qo‘yilgan ushbu faoliyat bugungi kunda samara bera boshladi. Hozirda Nisora Shodiyeva har oy o‘rtacha 4-5 million so‘m miqdorida sof foyda olishga erishmoqda.
Qayd etish joizki, bunday amaliy tashabbuslar nafaqat bir oilaning daromadini oshirish, balki mahallada aholi bandligini ta’minlash, ishsizlikni kamaytirish va farovon turmush tarzini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shubhasiz, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar va imtiyozli kreditlar aholining ishbilarmonlik faolligini oshirishga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hamda mahallalar taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri