Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvni kamaytirish soha rivoji garovidir
16:00 / 2021-08-21

Davlatimiz rahbari kuni kecha tadbirkorlar bilan muloqot o‘tkazib, unda mamlakatimizda yaratilayotgan ish o‘rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelishi ta’kidlandi.

Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida ham tadbirkorlarning muammolarini yechishda davlat tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilib, aniq ijobiy natijaga erishish lozimligi ta’kidlangan.  

So‘nggi yillarda qabul qilingan qator qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralarining tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvini bartaraf etish yo‘lida qat’iy tartiblar o‘rnatilib, ushbu yo‘nalishda tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, Prezidentimizning 2016 yil 5 oktyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga binoan, tadbirkorlik sub’ektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini, shu jumladan, jinoyat ishlari doirasidagi muqobil tekshirishlarning barcha turlari bekor qilindi.  

Prezidentining tashabbusi bilan 2018 yilda O‘zbekiston tarixida ilk bor tadbirkorlik sub’ektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga ikki yil muddatga moratoriy e’lon qilindi, tadbirkorlik sub’ektlarining moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshiruvlar, ular faoliyatida o‘tkaziladigan nazorat tartibidagi tekshiruvlar bekor qilindi. Jumladan, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining ustuvorligini ta’minlash va tadbirkorlar faoliyatiga asossiz aralashish holatlariga qat’iy choralar ko‘rish maqsadida ular faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan nazorat qilish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsmanga yuklandi.

O‘z navbatida, Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlar faoliyatiga asossiz aralashish holatlariga qarshi kurashish maqsadida bir qator ta’sirchan choralar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshirishlarni o‘tkazish tartibiga rioya qilinishi monitoring qilinganda, 2019 yilda  nazorat qiluvchi organlarning 80 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan va 153 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. 2020 yilda nazorat qiluvchi organlarning 328 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan va 150 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan, 5 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

2021 yilning 7 oyi davomida esa nazorat qiluvchi organlarining 586 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan va 105 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan, 6 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Ushbu choralarning samarasi oxirgi 3 yilda tadbirkorlik sub’ektlari soni 2 barobar oshganidan dalolat beradi. Prezident intervyusida ta’kidlaganidek, bu tendensiya mamlakatimizdagi o‘rta sinfning kuchayishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.  

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 21 ta nazorat qiluvchi organlar tomonidan 2 ming 626 ta noqonuniy tekshiruv o‘tkazilgani, 15 ta nazorat organlari tomonidan 10 ming 928 ta holatda tekshirish tartibi buzilganligi aniqlandi. Xususan, ushbu qonunbuzilishi holatlari eng ko‘p Qoraqalpog‘iston Respublikasida (4447 ta), Jizzax (4197 ta), Farg‘ona (1037 ta) va Namangan viloyatlarida (1028 ta) aniqlangan.

Xulosa o‘rnida aytganda, ishbilarmonlik salohiyatini rivojlantirish orqali jamiyat va davlat ravnaqiga hissa qo‘shayotgan tadbirkorlarimiz huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasining takomillashuvi bugungi kunda amalga oshirib kelayotgan islohotlarimizning negizini tashkil etmoqda.

Muhammad Saidov,

Biznes-ombudsman devonining yetakchi inspektori