O‘zA avval xabar berganidek, Toshkentda bo‘lib o‘tayogan “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” turli masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan panel sessiyalar formatida olib borildi.
Kunning ikkinchi yarmida “Davlat boshqaruv organlari faoliyati va ularning iqtisodiyotga aralashuvi, korrupsiya hamda byurokratik to‘siqlar” mavzusida davra suhbati qizg‘in tus oldi.
Anjumanda tadbirkorlar huquqini himoya qilish va iqtisodiy qonunchilikni yanada kuchaytirish, ularning ijrosini ta’minlash muhim vazifa ekani ta’kidlandi.
Ishtirokchilar tomonidan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlar, banklarda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga oid taqdimotlar namoyish qilindi.
Turli vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilgan 300 dan ziyod normativ huquqiy hujjatlar loyihalari o‘rganib chiqildi, ularning 35 foizida tadbirkorlikka to‘siq bo‘luvchi va korrupsiyaga sharoit yaratuvchi qoidalar aniqlangan.
– Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bilan birga byurokratik omillar va eskirgan talablardan voz kechib, zamon talabiga mos, eng muhimi adolatli va shaffof mexanizmlar joriy etildi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev nutqi davomida. – Taraqqiyotimizning yangi bosqichida sud-huquq sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida qisqa muddatda prokuratura organlari tadbirkorlar huquqi va qonuniy manfaatini tom ma’noda himoya qiluvchi tizimga aylandi.
Uchrashuvda, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirishda byurokratik to‘siqlarni oldini olish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida ma’ruza ham bo‘lib o‘tdi.
Keyingi seksiyada ruxsatnoma va litsenziya berish, sertifikatlashtirish bilan bog‘liq keng qamrovli islohotlar, turli yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlar muammosini bartaraf etish yuzasidan ayrim masalalar ilgari surildi.
Tadbirda yer qa’rini geologik o‘rganish, foydali qazilmalarni qazib olish, mineral xomashyoni qayta ishlash, shuningdek, konchilik ishlarini geologik-marksheyderlik ta’minlashda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yer qa’ridan foydalanishda litsenziya berish tartibi muhokama qilindi.
O‘simliklar karantini himoyasi va agrokimyo sohalarini yanada takomillashtirish, farmatsevtika yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ruxsatnoma va litsenziya berish kabi choralar yuzasidan fikr almashildi.
Shunday qilib “Tadbirkorlar bilan muloqot haftaligi” yakunlandi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA