Qayd etish lozimki, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 3-moddasiga muvofiq, tadbirkorlik faoliyati (tadbirkorlik) tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladigan, o‘zi tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyatdir.
Tadbirkorlik faoliyati erkinligi prinsipini qo‘llashning muhim jihatlari nimada? O‘zA muxbiri Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Sudyalar oliy maktabi mustaqil tadqiqotchisi Nuriddin Murodovning bu boradagi fikrlariga qiziqdi.
– Tadbirkorlik faoliyati bilan belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritgan har qanday yuridik va jismoniy shaxs shug‘ullanadi. Davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari bo‘lishi mumkin emas.
Har qanday shaxs tadbirkorlik bilan O‘zbekiston Respublikasining butun hududida va uning tashqarisida erkin shug‘ullanish, shuningdek, o‘z mulkidan har qanday qonuniy tadbirkorlik faoliyatida foydalanish huquqiga ega. Tadbirkorlik sub’ektlari qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga haqli.
Qayd etilgan prinsip tadbirkorlarning hech bir moneliksiz harakat qilishi, qonunda taqiqlanmagan har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishini kafolatlash uchun tizimli ravishda amalda bo‘lishi, jumladan, huquqni qo‘llovchi tashkilotlar tomonidan chiqarilayotgan hujjatlarda mazkur prinsipga havolalar qilinishi yoki ayni prinsip chiqarilayotgan hujjatlarda qo‘llanishi lozim.
Ammo, bu sohadagi ayrim byurokratik to‘siq va g‘ovlar, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyatining erkinligi prinsipini amaliyotga tatbiq etishda unga muvofiq bo‘lmagan ba’zi qonun hujjatlari yoki zid bo‘lgan qator qonunosti hujjatlar, og‘zaki buyruq va topshiriqlar daxl qilmoqda. Bu kabi holatlar tadbirkorlik faoliyati rivojiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.
Zero, tadbirkorlik faoliyati erkinligi prinsipini amaliyotga tatbiq etishda tadbirkorlar duch kelayotgan masalalarni quyidagi ikki turdagi huquqiy munosabatga bo‘lish mumkin.
Birinchidan, har bir tadbirkorlik sub’ekti o‘z faoliyatini tashkil etib, ro‘yxatdan o‘tar ekan, albatta ayrim faoliyat turlari uchun litsenziya, ruxsatnoma, guvohnoma olishda u yoki bu davlat organi bilan ma’lum tartib-taomillardan o‘tib, belgilangan huquqiy munosabatga kirishadi.
Ikkinchidan, ishlab chiqarish, tijorat yoki faoliyatning boshqa bir turi bo‘lsin, albatta boshqa bir tadbirkorlik sub’ekti yoki davlat tashkiloti bilan qonunchilikka muvofiq shartnomaviy huquqiy munosabatga kirishadi.
Demak, yuqorida keltirilgan ayni shu ikki ko‘rinishdagi huquqiy munosabatda tadbirkorlik faoliyati erkinligi prinsipini tizimli ravishda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ortiqcha tartib-tamoyillarsiz amaliyotga tatbiq etish muhim.
Shuningdek, hech bir tadbirkorlik sub’ekti uchun ikkinchi bir tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan ustuvorlik, imtiyoz, teng bo‘lmagan sharoitdagi qulaylik bermagan holda “har qanday shaxs tadbirkorlik bilan O‘zbekiston Respublikasining butun hududida va uning tashqarisida erkin shug‘ullanish, o‘z mulkidan har qanday qonuniy tadbirkorlik faoliyatida foydalanish huquqiga egaligi” tamoyili so‘zsiz ijro etilishi lozim. Alohida ta’kidlash lozimki, o‘rnatilgan turli tartib-taomillar tadbirkorlik sub’ekti ishtirokidagi shartnomalarga ta’sir etib, shartnoma erkinligi, umuman, munosabatlarda nizolar ortishiga omil bo‘lmoqda.
Buning isboti bugungi kunda iqtisodiy sudlarda eng ko‘p ko‘rilayotgan nizolar tadbirkorlar o‘rtasida yoki tadbirkor va davlat tashkilotlari imzolangan shartnomalardan, majburiyatlardan kelib chiqayotgani ma’lum. Bunga davlat byudjetidan ta’minlanadigan tashkilotlar va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi qurilish pudrat, mahsulot yetkazib berish kabi nizolarni keltirish mumkin.
Aynan tadbirkorlik faoliyatida shartnoma erkinligi prinsipi, ya’ni, shartnomaviy munosabatlarga davlat organlari, tashkilotlari, mansabdor va boshqa uchinchi shaxslarning u yoki bu tarzda ta’sir o‘tkazishi yoki shartnomaviy munosabatlarda erkinlik prinsipi doim ham amaliyotga tatbiq etilmayotganligi nizolarga sabab bo‘lmoqda.
Vaholanki, yaqindagina qabul qilingan yangi asosiy Qonunimizning 65-moddasi fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoit yaratishi, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilish ta’minlanishi, xususiy mulk daxlsizligi, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emas.
66-moddada esa mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulkka o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etishi, 67-moddada davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlashi, tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekanligi, O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanishi belgilangan. Bu — tadbirkorlarning huquq va manfaatlari kengroq talqin etilib, ularning kafolatlarini to‘la ta’minlash uchun oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan normalar asos qilib qo‘yilganini anglatadi.
Shunday ekan, tadbirkorlik faoliyatining erkinligi prinsipini qo‘llash — ham qonun ijodkorligida, ham amaliyotda birday ustuvorlik kasb etadi.
Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi, O‘zA