French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tadbirkorlik faoliyati barqaror o‘sish yo‘lida
13:29 / 2025-08-18

Tadbirkorlar kuni arafasida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi butun respublika bo‘ylab o‘tkazilgan so‘rovnoma asosida O‘zbekistondagi biznes muhitiga oid tahlilini taqdim etdi.

Tadqiqot natijalarga ko‘ra, tadbirkorlarning uchdan bir qismi biznes faoliyati yaxshilanganini qayd etgan, aksariyat ishtirokchilar esa yaqin oylarda talab va bandlik o‘sishini kutmoqda. Umuman olganda, mamlakatda tadbirkorlik muhiti so‘nggi yillardagi ijobiy tendensiyani saqlagan holda mustahkamlanishda davom etmoqda.

Iyul oyida O‘zbekistonda jami biznes muhiti indeksi 52 bandni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 bandga o‘sdi. Bu o‘sish asosan tadbirkorlikning joriy faolligi hisobidan kuzatildi. Xususan, biznes muhiti indeksi joriy holati ko‘rsatkichi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 44 bandga oshdi.

Biznesning joriy holati indeksi tadbirkorlarning haqiqiy holati va biznes yuritish shart-sharoitlariga bo‘lgan qarashlarini ifodalaydi. Unda sotuvlar, bandlik, talab, resurslardan foydalanish, ishlab chiqarish muhitining barqarorligi kabi omillar hisobga olinadi.

Shu bilan birga, biznesning istiqboldagi kutilmalari indeksi 66 banddan 59 bandga tushishi kuzatildi, biroq hali ham yetarlicha yuqori darajada saqlanib turibdi. Bu esa tadbirkorlarning istiqbollarga bo‘lgan barqaror ishonchini aks ettiradi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, mamlakatda tadbirkorlik faoliyati ijobiy tendensiyalar namoyon etmoqda. Respondentlarning uchdan bir qismi so‘nggi uch oyda o‘z biznesining holati yaxshilanganini bildirgan. Qolaversa, 42 foiz tadbirkorlar mahsulot va xizmatlarga talab o‘sganligini qayd etgan. Har to‘rtinchi tadbirkor esa ishchilar soni oshirilganligini ko‘rsatgan. Bu ishbilarmonlik faoliyatining kengayayotgani va qo‘shimcha mehnat resurslariga ehtiyoj ortib borayotganidan dalolat beradi.

Kelgusi oylarga oid kutilmalarda umumiy optimizm saqlanmoqda. So‘rovnomada ishtirok etgan tadbirkorlarning ko‘pchiligi kelgusida talab o‘sishini taxmin qilmoqda. Tadbirkorlarning yarmidan ko‘prog‘i ishchilari soni oshishini kutmoqda, har to‘rtinchisi esa narxlar o‘sishi ehtimolini bildirgan. Bu holat inflyatsiya kutilmalari biznes muhitiga ta’sir ko‘rsatayotganini aks ettiradi.

Iyul oyida qishloq xo‘jaligida biznes muhiti indeksi yaxshilandi. Biznes muhiti indeksi ko‘rsatkichi 50 bandni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 4 bandga oshdi. Joriy holat indeksi 35 banddan 39 bandga ko‘tarilib, so‘nggi oylarda sezilarli yaxshilanishni aks ettirdi. Istiqboldagi kutilmalar indeksi esa 59 banddan 61 bandga o‘sib, tadbirkorlar orasida ijobiy kayfiyatni saqlab qoldi.

Tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma ushbu tendensiyalarni tasdiqlaydi, chunki tadbirkorlarning 41 foizi so‘nggi uch oyda biznesi yaxshilanganligini qayd etgan, shuningdek 79 foizi kelgusida biznes holati yanada yaxshilanishini bildirgan.

Sanoatda biznes muhiti indeksi o‘tgan yilga nisbatan 6 bandga yaxshilanib, 50 bandga yetdi. Tadbirkorlarning yarmidan ko‘pi joriy holatini “qoniqarli” deb baholagan, shulardan 21 foizi so‘nggi uch oyda ishchilar soni o‘sganligini qayd etgan. Shu bilan birga, ijobiy kutilmalar ham saqlanmoqda – so‘rovnomada ishtirok etgan tadbirkorlarning 74 foizi kelgusida biznes holati yanada yaxshilanishini qayd etgan. Joriy baholashning keskin mustahkamlangani muhim omil bo‘ldi, bu ko‘rsatkich 20 banddan 44 bandga ko‘tarildi. Bu sanoatdagi joriy holat biznes muhiti indeksi sezilarli darajada tiklanganidan dalolat beradi.

Iyul oyida xizmatlar sohasida biznes muhiti indeksi o‘tgan yilga nisbatan 3 bandga yaxshilanib, 54 bandga yetdi. Biznes muhitining joriy holat indeksi esa sezilarli mustahkamlanib, 34 banddan 48 bandga o‘sishi kuzatildi.

Tadbirkorlarning deyarli yarmi o‘z biznesining joriy holatini “yaxshi” deb baholagan, 39 foizi esa so‘nggi uch oyda biznes holatining yaxshilanganligini qayd etgan. Shu bilan birga, umumiy kutilmalar ijobiyligicha qolmoqda – respondentlarning 64 foizi kelgusida talabning yanada o‘sishini ko‘rsatib o‘tgan, garchi bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan biroz pasaygan.

Biznes muhiti indeksi qurilish tarmog‘ida o‘tgan yilga nisbatan 5 bandga o‘sib, 50 bandni qayd etdi. Joriy holat indeksi 28 banddan 38 bandgacha yaxshilandi, istiqboldagi kutilmalar indeksi esa 62 banddan 63 bandga o‘sib, yetarlicha yuqori darajada saqlanib qoldi.

So‘nggi uch oyda biznes holatining “yaxshilangan”ini tadbirkorlarning 42 foizi qayd etdi. Shuningdek, respondentlarning 24 foizi kelgusida biznes holati yaxshilanishini kutmoqda.

Shu tariqa, O‘zbekistonda qulay biznes muhitini shakllantirishda izchil ijobiy siljishlar kuzatilmoqda. Joriy faoliyatning o‘sishi va ishbilarmonlik kutilmalaridagi yuqori optimizm ichki talabning barqarorligini hamda xususiy sektorning o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashish salohiyatini tasdiqlaydi.

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA